Sharofitdinov Xurshid Shamsiddinovich 

Tavallud topgan sana: 10 may 1892 yil

Vafot etgan sana: 1960 yil

Tug'ilgan joy:Toshkent

Yo'nalishlar: Rejissyorlar, Yozuvchilar, Shoirlar

4871

Tarjimai hol

Xurshid o‘zbek dramaturgiyasiga poydevor qo‘ygan ijodkorlardan biri, shoir, yozuvchi, tarjimon va rejissyordir. Ana shu ko‘p qirrali va samarali ijodiy faoliyati uchun unga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” degan yuksak unvon berilgan. Xurshid qator opera librettolarini ham yozgan, tarjimon sifatida ham samarali ijod etgan.
O‘zbek mumtoz adabiyoti bilan XX asr yangi adabiyotini bir-biriga bog‘lab turuvchi ko‘priklardan biri Shamsiddin Sharafiddin o‘g‘li Xurshiddir.
Xurshid 1892-yilning 10-mayida Toshkentda bog‘bon oilasida tavallud topgan. Madrasa va eski maktabda tahsil olgan. Mohir g‘azalnavis shoir, yetuk dramaturg va tarjimon Xurshidning ijodiy merosi ancha boy, serqirra va sermazmun bo‘lib, u hozir O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida avaylab saqlanmoqda.
Xurshid 1960-yilda vafot etgan.
U asrimiz boshlaridan, aniqrog‘i, 1905-1906-yillardan boshlab jadid adabiyotining navqiron namoyandalaridan biri sifatida qalam tebrata boshlagan. Shu ma’noda u ma’rifatparvarlik ruhida “Eskilik va yangilik” degan dastlabki pyesasini, keyinroq “Orif ila Ma’ruf”, “Qora xotin”, “Kichik askar” kabi dostonlarini, “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin”, “Siyovush”, “Oybonu” singari musiqiy drama librettolarini yaratgan. Uning, ayniqsa, Alisher Navoiy dostonlari asosida yaratilgan ikki dramasi o‘z davrida juda mashhur bo‘lgan. Xurshid qator opera librettolarini ham yozgan.
Xurshid tarjimon sifatida ham samarali ijod etgan. Xususan, Shillerning “Qaroqchilar”, V.Shekspirning “Qora arab” (“Otello”), U.Hojibekovning “Arshin mololan” kabi mashhur asarlarini, shuningdek, Sharqning buyuk shoirlaridan biri Hofiz Sheroziyning yuzga yaqin g‘azalini ham o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Bundan tashqari, u o‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin namoyandalari Munis va Ogahiy kabi shoirlar devonlarini nashrga tayyorlagan. Xurshid yetuk g‘azalnavis shoirdir. Uning “Chorgoh”, “Girya”, “Bayot”, “Ushshoq”, “Segoh”, “Dugoh”, “Suvora” kabi kuylarga solingan ohangrabo she’rlari mashhur hofizlar tomonidan hanuzgacha kuylanadi.

Rasmlar galereyasi