Shohrux Mirzo

Tavallud topgan sana: 20 avgust 1377 yil

Vafot etgan sana: 12 mart 1447 yil

Tug'ilgan joy:Samarqand

Yo'nalishlar: Hukmdorlar

19686

Tarjimai hol

Shohrux Mirzo Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li bo‘lib, 1377-yil 20-avgust, payshanba kuni olamga kelgan. Tarixchi Xondamirning bergan ma’lumotiga qaraganda, Shohruxning onasi Tag‘oy Turkon og‘o Sohibqironning xos kanizaklaridan bo‘lib, Amir Temur keyinchalik uni o‘z nikohiga olgan. Shunday bo‘lsa ham Shohruxni Saroymulk xonim tarbiyalab voyaga yetkazgan.

Shohrux Mirzo yoshligidanoq ahkomi shariatga qattiq rioya qilib, diniy kitoblarga qiziqqan. U 20 yoshigacha otasi Sohibqiron qavatida bo‘lib, harbiy yurishlarda, jumladan, Falastin yurishida ham faol qatnashgan. Amir Temur 1397-yilda unga Xuroson, Seiston va Mozandaron hokimligini bergach, to 1405-yilgacha Xuroson hukmdori degan nom bilan kifoyalanadi.

Fosih Xavafiyning yozishiga qaraganda, Shohrux Mirzo Xirotning nufuzli xo‘jazodalari rahnamoligida Xuroson hokimligini boshqargan.

Amir Temur vafotidan so‘ng Shohrux Mirzo taxtga da’vogarlar qatorida valiahd Pir Muhammad Mirzo bilan ittifoq tuzib, Samarqand hukmdori Xalil Sultonga qarshi kurashadi. 1407-yili Pir Muhammad Mirzoning fojiali o‘limidan so‘ng yakka o‘zi kurashni davom ettirib, 1409-yili Xalil Sulton ustidan qo‘li baland kelib, taxtni qo‘lga kiritgach, Movarounnahrni to‘ng‘ich o‘g‘li Ulug‘bek Mirzoga, Balxni ikkinchi o‘g‘li Sulton Ibrohim Mirzoga, Hisorni marhum Muhammad Sulton Mirzoning o‘g‘li Muhammad Jahongir Mirzoga, Farg‘onani esa marhum akasi Umarshayx Mirzoning o‘g‘li Ahmad Mirzoga in’om qilib, o‘zi Xirotga qaytib ketadi.

Shohrux Mirzo asta-sekin o‘z akalari Jahongir, Umarshayx va Mironshodlarning avlodini har xil yo‘llar bilan o‘ziga tobe qilib, Movarounnahr, Ozarbayjon, Iroq, Xuroson va Shimoliy Afg‘onistondan iborat katta bir davlat jilovini o‘z qo‘liga kiritib, Xirotni o‘zining poytaxti deb e’lon qiladi va "ulug‘ xoqon" sifatida saltanatni boshqarishga kirishadi.

Shohrux Mirzo ko‘p vaqtini toat-ibodat va kitob mutolaasiga sarflarkan, devon va saltanatni boshqarishda o‘ktam va tadbirkor xotini Gavharshodbegim faol ishtirok etgan.
Shohrux Mirzo ixlos va niyozmandlik yuzasidan darveshlar hamda gushanishinlarga iltifotlar ko‘rsatib, Xirotning Jome’ masjidida juma namozini xaloyiq bilan birga o‘qirdi. Juma namozlarining birida (1427-yil 21-fevral) Ahmad nomli kimsa masjid ichida Shohrux Mirzoga pichoq sanchadi. Ahmad o‘sha zahoti qatl etiladi. Tabiblarning tezda ko‘rsatgan shijoati bilan muolajadan so‘ng jarohat bitib, Shohrux Mirzo tuzalib ketadi.

Shohrux Mirzo umrining oxirigacha o‘z o‘rniga valiahd tayinlashga ikkilanib yuradi.
1446-yili Shohrux Mirzo o‘z nabirasi, Qazvin, Ray va Qum viloyatlari hukmdori Sulton Muhammadga qarshi yurish boshlaydi. Chunki Sulton Muhammad bobosi Shohrux Mirzoga qarshi bosh ko‘tarib, Xamadon va Isfahonni bosib olib, Sherozni qamal qilgan edi. Shohrux Mirzo qo‘shini g‘apbiy Eronda hech qanday qarshilikka uchramaydi. Nimagaki, bobosining kelayotganini eshitgan Sulton Muhammad Sheroz qamalini bo‘shatib, toqqa qochgan edi. Qo‘zg‘alon aybdorlari ayovsiz jazolanadilar.

Mazkur harbiy yurishdan qaytayotganda Shohrux betoblanib, 1447-yili Ray viloyatida, 70 yoshida vafot etadi.

1447-yilda Shohrux vafotidan keyin davlat Ulug‘bekning qo‘liga o‘tdi. Ulug‘bek Shohruhning go‘rini Xirotdan Samarqandga ko‘chiradi va Gur-Amirning qabristoniga dafn qildiradi.

Rasmlar galereyasi