Oydin (Manzura Sobirova)

Tavallud topgan sana: 20 noyabr 1906 yil

Vafot etgan sana: 30 may 1953 yil

Tug'ilgan joy:Toshkent

Yo'nalishlar: Yozuvchilar, Shoirlar

5634

Tarjimai hol

Birinchi o‘zbek adibasi, iqtidorli hikoyanavis Oydin o‘zining ajoyib hikoyalari, novellalari, she’r va publitsistik maqolalari bilan o‘zbek adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan yirik so‘z san’atkorlari qatorida turadi.

Oydin 1906 yil 20 noyabrda Toshkentning eski shahardagi degrez mahallasida hunarmand oilasida dunyoga keldi.

Oydin qator qiyinchiliklarni o‘z boshidan kechirdi va yoshlik chog‘idayoq onasidan judo bo‘ladi. U oldin eski maktabda 1918 yildan yangi maktabda o‘qib savodini chiqargan.

Oydin 1919 yilda Toshkent xotin-qizlar bilim yurti (Inpros) ga o‘qishga kiradi va uni 1923 yilda muvaffaqiyatli tamomlaydi.

Oydin Toshkentning Taxtapul mahallasidagi boshlang‘ich maktabda o‘qituvchilik qiladi.

Oydin - Manzura Sobirova 1924 yildan ijod qila boshladi. Davriga mos mavzularda she’rlar va "Yangilikka qadam" dramasini yozib, umidli shoira, dramaturg sifatida adabiy jamoatchilikning e’tiborini qozondi. Uning xotin-qizlarni ozodlikka chaqiruvchi «Yangilikka qadam" nomli birinchi pesasi 1925 yilda bosilib chiqadi.

U 1927-1933 yillari Samarqanddagi Pedagogika akademiyasi (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universiteti)ga o‘qishga kirib tamomlaydi. O‘qib yurgan paytlarida Hamid Olimjon, Uyg‘un bilan yaqindan tanishuvi Oydin ijodida katta o‘rin egallaydi.

Oydin adabiyotga she’riyat orqali kirib keldi. Uning "Tong qo‘shig‘i" (1931), "Chechan qo‘llar" (1932), "Oydin she’rlari" (1937) kabi she’riy to‘plamlari e’lon qilingan.

Shuningdek, Oydin "Maysa uzildi" (1931), "Mashina quchog‘ida" (1932), "Ko‘prik ustida" (1933), "Bu kecha" (1933) kabi poemalar ham yozdi.

Uning «Chaqaloqqa chakmoncha", "Shirin-shakar", "Uyaldi shekilli, yerga qaradi", "Sadag‘ang bo‘lay, komandir" hikoyalarida yangicha oila, sevgi-muhabbat, sadoqat aks ettirilgan.

Adibaning o‘tmishga bag‘ishlangan "Yamoqchi ko‘chdi", "Hazil emish", "Gulsanam" asarlarida o‘zbek xalqining og‘ir hayoti, eskilik urf-odatlarga qarshi kurashi chuqur nafrat bilan tasvirlangan.

Adiba ocherk janrida ham ijod qildi. Uning 30-yillarda yozgan "Sharof ishi", "Bir ko‘rgan bilish, ikki ko‘rgan tanish", "El quvonchi", "Qora uylar oqardi", "El og‘zida ertak", "Kichkina qo‘lda katta unum", "Muborak", "Odamning qo‘li gul", "Yoqut nurlar shu qo‘lda" kabi ocherklarida Vatan madhi, mehnati tufayli baxtga erishgan ayollar obrazlari zo‘r muhabbat bilan tasvirlangan.

Oydin "Ertarg‘in", "O‘zbek sahnasida", "O‘z ustida ishlash - o‘sish garovi", "Poeziya to‘g‘risida", "Yutuqlar yana mustahkamlansin", "Yana yoshlarimiz haqida", "Xalqning sevgan shoiri" singari ilmiy-tanqidiy maqolalar ham yozgan.

Oydin - Manzura Sobirova ijod bilan birgalikda O‘zdavnashrda bo‘lim boshlig‘i (1931), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib (1932-1937), "Yorqin hayot" jurnalining muharrir o‘rinbosari (1938-1941), O‘zbekiston Radio qo‘mitasida adabiy eshittirishlar bo‘limi mas’ul muharriri (1946-1953), "O‘zbekiston xotin-qizlari" hozirgi "Saodat" jurnalining bosh muharriri lavozimlarida halol mehnat qilgan. U o‘z mehnat faoliyati davomida jamoat ishini doimo ijodiy ish bilan qo‘shib olib bordi.

Shuningdek, u 1946 yildan to bevaqt vafotiga qadar, sobiq O‘zbekiston Markaziy Komitetining mas’ul xodimi lavozimida ham ishlagan.

Oydin adabiyot va san’at hamda partiya va davlat oldidagi xizmatlari uchun ikki marta "Hurmat belgisi" ordeni bilan, shuningdek, bir necha medal va Faxriy Yorliqlar bilan taqdirlandi.

Oydin ijodi va jamoatchilik faoliyati eng gullagan bir vaqtda, 1953 yil 30 mayda bevaqt vafot etdi.

Toshkent shahri ko‘chalaridan biriga Oydin nomi berilgan.

Rasmlar galereyasi