Muhammadsharif So‘fizoda

Tavallud topgan sana: 29 yanvar 1880 yil

Vafot etgan sana: 1937 yil

Tug'ilgan joy:Namangan viloyati

Yo'nalishlar: Shoirlar

18734

Tarjimai hol

Muhammadsharif Egamberdi o‘g‘li So‘fizoda o‘zbek demokratik va ma’rifatparvarlik davri adabiyoti an’analarini davom ettirgan adiblar sirasiga kiradi. So‘fizodaga o‘zbek adabiyoti oldidagi xizmatlari uchun 1926 yilda «O‘zbekiston xalq shoiri» degan yuksak unvon berilgan.

So‘fizoda 1880 yilning 29 yanvarida kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan.

So‘fizodaning adabiyotga ixlosi erta uyg‘ongan. U onasi Zaynab xola xohishiga ko‘ra, qo‘shnisi Manzura otindan xat-savod o‘rganib, eski maktabda ta’im olgan. Ayniqsa, zukko va xushovoz Manzura otin aytgan ertak, doston va qo‘shiqlar yosh Muhammadsharifda adabiyotga havas uyg‘otgan. U Hofiz, Bedil, Alisher Navoiy, Muqimiy, Furqat kabi allomalar ijodini chuqur o‘zlashtirib, she’rlar mashq qila boshlagan.

1893-1898 yillarda u Qo‘qonda yashab, Muqimiy, Furqat ta’sirida «Vahshiy» taxallusi bilan hajviy asarlar yaratdi. Uning, ayniqsa, «Dakanang», «Bedanang», «Ayting bu so‘zimni», «O‘pay», «G‘ubor dardu olam» kabi hajviy va lirik g‘azallari e’tiborga loyiq. Biroq hali Muqimiy hajviyasi zarbidan qutulib ulgurmagan zamona hokimlari yosh Muhammadsharifning keskin tanqidiga qarshi hujum boshlaydilar. Oqibatda u 1899 yili Qo‘qondan Chustga qaytib keladi. Oradan ikki yil o‘tgach, uni amir amaldorlari dahriylikda ayblab, qatl etishga hukm chiqaradilar.

So‘fizoda Chustdan ketib, 14 yil mobaynida turli Sharq mamlakatlarida umr kechiradi. Xuddi shu yillar (1900-1914) So‘fizoda ijodining yangi bosqichini tashkil qiladi. U Avval Bokuga borib, Jalil Mamatqulizoda, Sobir Tohirzoda, Muhammad Hodiy kabi ozarbayjon adabiyotining taraqqiyparvar vakillari bilan tanishadi. So‘ng Arabiston, Hindiston va Turkiya mamlakatlarida bo‘lib, oddiy xalq hayotini ko‘radi.

1910-1913 yillarda Qo‘ng‘irotda muallimlik qiladi, ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlarini yozib, Boku va Orenburgda chiqadigan gazeta va jurnallarda tez-tez ko‘rina boshlaydi.

Uning shu yillarda yaratgan she'rlari orasida «O‘zbek xonimiga», «Xonimlar isminda», «Vatan», «Muslimalar» asarlari, ayniqsa, diqqatga sazovordir.

So‘fizoda 1913 yilda Chustga qaytib kelib, yetim bolalar uchun maktab ochadi va unda muallimlik qiladi. Dunyoviy fanlarni yengil va yangi usulda o‘rgatishga bel bog‘laydi. Ayni chog‘da ayrim shariat peshvolarini, boy-amaldorlarni hajv qamchisi bilan savalaydi. Bunga chiday olmagan hokim sinf vakillari uni o‘ldirish payiga tushadilar.

Buni sezgan shoir 1915 yili yana xorijiy mamlakatlarga ketishga majbur bo‘ladi.

Quvdi meni johillar o‘shandog‘ vatanimdan,

Lekin quva olmas suxanimni dahanimdan, -

deb yozadi u shu yillarda.

Bu safar davomida u dastlab Hindiston, so‘ng Afg‘onistonda o‘qituvchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi. 1918 yilda Afg‘oniston maorif vazirining o‘rinbosari sifatida Turkiston (Toshkent)ga kelib, afg‘on vakolatxonasida tarjimon bo‘lib ishlaydi. So‘fizoda o‘z Vataniga qaytib kelgach, yana hajviy she’rlar yozishda davom etadi. U munofiq rahbarlar va g‘animlar qarshiligiga duch kelsa ham o‘z xalqiga xizmat qilishdan zarracha to‘xtamaydi. Uning asarlari «Qizil O‘zbekiston», «Mushtum», «Farg‘ona» kabi gazeta va jurnallarda tez-tez bosilib turadi. 1925 yil 13 avgustda «Farg‘ona» gazetasida «Xushchaqchaq qalamlar» sarlavhasi ostida uning bir qator hajviy she'rlari chop etiladi. «Haqiqatdan ko‘z yumganlar», «Qalaysizlar?», «Saylovga» kabi she'rlarida o‘sha suronli yillar nafasi baralla eshitiladi. 1934 yilda esa So‘fizoda «Bayram nashidalari» dostonini yozadi.

So‘fizodaga o‘zbek adabiyoti oldidagi xizmatlari uchun Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan bir kunda 1926 yil 27 fevral qarori bilan «O‘zbekiston xalq shoiri» degan yuksak unvon berilgan. So‘fizoda ham qatag‘on bo‘lgan avlod vakili sifatida 1937 yil «xalq dushmani» sifatida 57 yoshida otib tashlanadi.

Uning «Tarona» sarlavhali yagona she’rlar to‘plami 1968 yili nashr etilgan.

Rasmlar galereyasi