Tarjimai hol
Shoir Abduvali Qutbiddin iqtidorli, nozikta’b va yuksak didli qalamkash. Shoirning to‘plamlariga kirgan she’rlari sodda, ravon ifodalar asosiga qurilganligi bilan ajralib turadi. Shoirning she’rlarida dunyo o‘tkinchi, hamma vaqt hamma narsa o‘tadi-ketadi, ammo poklik, muhabbat, yaxshilik, mehr kabi buyuk tuyg‘ular qoladi, degan xulosa balqib turadi.
U 1960 yilning 20 iyunida Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tug‘ilgan.
Uning ota-onasi aslida toshkentlik bo‘lib, Shayxontohur mahallasidan, xo‘ja Ahror Valiy avlodiga mansub kishilar edi. Oktabr to‘ntarishi va qatag‘onlik davrining shamoli bu oilani ham chetlab o‘tmagan. Ular bir necha yillar davomida o‘z yurtlaridan judo bo‘lib yashadilar. Shu tufayli Abduvali Qarshida tug‘ilib, Samarqandda tahsil olgan.
1978 yili Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1983 yilda tamomlagan.
Samarqand viloyati gazetasida xizmat qilgan. 1985 yildan esa ona shahri Toshkentga kelib, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir bo‘lib ishlaydi.
1990 yilda «Yozuvchi» nashriyoti tashkil bo‘lgach, avval yetakchi muharrir, so‘ng bosh muharrir bo‘lib xizmat qiladi.
Hozirgi kunda «O‘zteleradio»kompaniyasida mas’ul vazifada xizmat etmoqda.
Shoirning «Nayson» (1988), «Humo» (1989), «Baxtli yo‘l» va «Baxtli yo‘l» (1991) to‘plamlariga kirgan she’rlari sodda, ravon ifodalar asosiga qurilganligi bilan ajralib turadi.
«Er qa’riga», «Ikki amakimga xat» kabi she’rlarida dunyo o‘tkinchi, hamma vaqt hamma narsa o‘tadi-ketadi, ammo poklik, muhabbat, yaxshilik, mehr kabi buyuk tuyg‘ular qoladi, degan xulosa balqib turadi.
So‘nggi yillarda uning «Ozodlik» nomli dostoni yaratildi.