Tarjimai hol
Temuriylar davridagi adabiyot va tasavvufning yirik vakillaridan biri Qosimi Anvardir. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, shoirning dunyoqarashi o‘z davri va o‘zidan keyingi ilm-fan va tasavvufning yirik namoyandalari Bahovuddin Naqshband, Sadriddin Yaminiy, Ulug‘bek, Ne’matulla Vali, Nuritdin Kirmaniy, Abdurahmon Jomiy va Navoiylarning ta’limotlari bilan g‘oyaviy jihatdan yaqin turadi. Ayniqsa, Alisher Navoiy o‘zining "Majolis un-nafois" tazkirasida shoir ijodi haqida keng to‘xtalib, she’rlaridan namunalar keltiradi.
Uni zamonasining iqtidorli shoirlari qatoriga qo‘shadi: "Ravishlari pok erdi va nafaslari otashnoq - deb xabar beradi Alisher Navoiy Qosimi Anvar haqida - El bag‘oyat alar nazmlariga moyil va she’rlarin o‘qumoq va bitmakka rog‘ib bo‘ldilar".
Alisher Navoiyning "Majolis un-nafois" va boshqa manbalarda keltirilishicha, Qosimi Anvar yoshligidan Sadriddin Ardabiliyga murid bo‘lib, so‘fiylik tariqatini mukammal egallaydi. 1426 yili Xirotning masjidida Shohruxga qarshi fitna uyushtiriladi. xurufiylar oqimiga mansub bo‘lgan Ahmad Lur degan shaxs Shohruxga pichoq urib, uni yarador qiladi. Shu yerning o‘zidayoq Ahmad Lur o‘ldiriladi. Yuqoridagi voqea tufayli Qosimi Anvar xuru-fiylar bilan yaqin aloqada bo‘lganlikda va fitnada qo‘li borligida ayblanib Xirotdan Samarqandga surgun qilinadi. Samarqandni boshqarib turgan Ulug‘bek uni yaxshi kutib oladi.
O‘sha davrda Ozarbayjon, Turkiya, Iroq, Suriya va Sharqning boshqa mamlakatlarida xurufiylik oqimi keng tarqalgan bo‘lib, bu oqim Markaziy Osiyo va Xurosanda, ayniqsa, Samarqand va Xirotda oz bo‘lsada mavjud edi. Xurufiylik oqimi harflarni ilohiylashtirib, kishilarni ob'yektiv dunyo, harflar va xudoni idrok qilishga chaqiradilar. Xurufiylar shahar kambag‘allari va hunarmandlarining manfaatini himoya qilib, zo‘ravonlik, jabr-zulm, zodagonlarning o‘zboshimchaligiga qarshi kurash olib bordilar.
Markaziy Osiyo va Xurosonda bu oqim tarafdorlari, garchi ular ko‘pchilikni tashkil etsada, hokimiyat uchun zimdan kurash olib bordilar, har xil fitna va g‘alayonlar uyushtirib turganliklari bois Temuriylar, ayniqsa, Shohrux xurufiylik oqimi tarafdorlarini ta’qib ostiga olganlar.
Qosimi Anvar asarlarining anchagina qismi bizgacha yetib kelgan. Uning "Devon"i qo‘lyozmalari Sankt-Peterburgda, Gurjistonda. shuningdek, Samarqandda va boshqa yirik ilm markazlarida saqlanmoqda. 1958 yili Tehronda uning "Kulliyoti" Said Nafisiy tomonidan chop etilgan.
Mutafakkirning "Anis ul-oshiqin" ("Oshiqlar do‘sti") masnaviysi ("Anis ul-orifin" ham deb yuritiladi), "Sad maqom dar istilohi sufiya" ("Tasavvuf atamalarida yuz maqom"), "Risolayi adadi maqomot" ("Maqomlarning soni haqida risola"), "Risola dar bayoni ilm" ("Bilim haqida risola"), "Savol va javob" risolasi va boshqa asarlari mavjud.
Qosimi Anvarning ijodiy merosini o‘rganish shundan dalolat beradiki, u Temuriylar davrining yirik mutafakkiri, shoiri bo‘lgan va o‘sha davr ma’naviy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan.