Qoriyeva Bernara Rahimovna

Tavallud topgan sana: 28 yanvar 1936 yil

Tug'ilgan joy:Toshkent

Yo'nalishlar: Raqqos va raqqosalar

5894

Tarjimai hol

Bernara Qoriyeva — taniqli o‘zbek balet artisti, O‘zbekiston xalq artisti. 1982 yil R.K. Shedrinning “Anna Karenina” balet spektaklidagi bosh partiya ijrosi uchun adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Bernara Qoriyeva 1936 yil 28 yanvar kuni Toshkentda tug‘ilgan. 1952 yil Toshkent Oliy xoreografiya bilim yurtini tamomlagan. 19 yoshida Moskva xoreografiya bilim yurtini (M. A. Kojxov sinfida) tugatib, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek opera va balet teatriga qabul qilinadi.

1957 yil Moskvadagi balet tanlovida oltin medalga sazovor bo‘lgan. Shu vaqtdan e’tiboran, Angliya, Fransiya, Italiya, Yamayka, Kuba, Suriya, Hindiston, Braziliya, Argentina va boshqa mamlakatlarning katta balet ustalari bilan truppalarda ishtirok eta boshlaydi.

Odetta-Odiliya (Chaykovskiyning “Oqqush ko‘li”), Mariya (Asafevning “Bog‘chasaroy favvorasi”), Anna Karenina (Shedrinning “Anna Karenina”), Mehri (Leviyevning “Suhayl va Mehri”), Sonni (Ashrafiyning “Sevgi tumori”), Jizel (A.Adanning “Jizel”), kitri (L.F. Minkusning “Don Kixot”) kabi partiyalarini ijro etadi. Shundan so‘ng tomoshabinlarning sevgisi va e’tiborini qozonib, uni “O‘zbek Odettasi” deb nomlashadi.

Bernara Qoriyeva bir necha yillar boshqaruvchilik va ustozlik faoliyatini olib borgan. 1988 yil O‘zbekiston teatrshunoslar ittifoqi raisi, 1992 yil ijtimoiy ijodiy tashkilot prezidenti etib saylangan.

1994 yildan Bernara Qoriyeva Alisher Navoiy nomidagi Katta teatr badiiy rahbari va direktori.

1979 yildan 1983 yilgacha Qoriyeva “O‘zbekiston yosh baleti” birlashmasini yaratadi va unga rahbarlik qiladi. 1990 yil Xalqaro teatrshunoslar chaqiruvi anjumanida rais o‘rinbosari lavozimida ishlaydi, 1991 yildan Janubiy-Sharqiy Osiyo teatr masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash raisi.

Uning tashabbusi bilan 1991 yil Toshkentda “Teatr: Sharq-G‘arb” birinchi xalqaro festivali o‘tkazilgan. Ushbu festivalda 25 ta mamlakat vakillari o‘z spektakllarini tomoshabinlarga namoyish qilishgan.

O‘zbekistonda balet shakllanishi va rivoji uchun taniqli madaniyat arbobi Bernara Qoriyeva “Xalq artisti” (1973) unvoni, Davlat mukofoti (1970 va 1982) va 1996 yil “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

2004 yil Toshkentda birinchi xususiy raqs maktabi ochilib, uni taniqli balerina B. Qoriyeva boshqargan.

Rasmlar galereyasi