G’ayratiy

Tavallud topgan sana: 2 fevral 1902 yil

Vafot etgan sana: 22 yanvar 1976 yil

Tug'ilgan joy:Toshkent

Yo'nalishlar: Shoirlar

8123

Tarjimai hol

Gayratiy - O’zbek sovet yozuvchisi bolib, u ozbek sheriyatining asoschilaridan biridir. «O’zbekiston xalq shoiri» yuksak unvon sohibi.

G’ayratiy bu taxallus bo’lib, asl ismi Abdurahim Abdullayevdir.

U 1902 yil 2 fevralda Toshkentning Degrez mahallasida hunarmand oilasida dunyoga keldi. Uning otasi o’qimishli, adabiyotga qiziqqan kishi bo’lgan. Uning adabiyotga qiziqishida onasi aytgan ertaklar ham muhim o’rin tutgan.

1912-1915 yillarda u eski maktabda, so’ng madrasalarda tahsil oladi. Shu yillarda Navoiy, Muqimiy, Furqat asarlari bilan tanishadi. Oktabr inqilobidan so’ng Toshkent (Xadra)dagi «Namuna» maktabi qoshidagi o’qituvchilar tayyorlash kursini tugatgan.

Bo’lg’usi adibning ilk she’ri 1921 yilda nashr etilgan.  O’zining «Erk tovushi», «Oltin yoshlik»

 kabi she’riy va hikoyaviy to’plamlarida G’ayratiy sotsialistik tuzum va yosh Sovet davlatini madh etgan.


1926 yilga kelib, G’ayratiy Ozarboyjonga borib, Bokudagi bilim yurtida o’qiydi. U yerda M.O’rdubodiy, M.Mushfiq, S.Rustam, J.Jabarli kabi taniqli adiblar bilan tanishadi va muloqotda bo’ladi. Bokudan qaytgach, Toshkentdagi musiqali drama teatrida adabiy emakdosh bo’lib xizmat qiladi.

Adabiyotni o’z mohiyatiga ko’ra jo’shqin daryoga qiyos qilsa bo’ladi. Daryo suvlaridan dalalar, dov-daraxtlar gullab-yashnasa, adabiyot inson qalbiga ezgulik urug’ini sepadi, uni hayotda to’g’ri yashashga, ulug’ maqsadlar yo’lida kurashishga o’rgatadi. Daryo irmoqlardan vujudga keladi. Adabiyotimiz irmoqlari esa adiblarimiz yaratgan asarlardan iborat. Daryolarning sersuvligi, hayqirib oqishi irmoqlar suviga bog’liq bo’lgani singari, adabiyotning jo’shqinligi, kurashchanligi – hayotda tutgan o’rni undagi asarlarning sifatiga qarab belgilanadi.

O’zbek bolalar adabiyotining hozirgi kamolot bosqichiga erishishida uning irmoqlaridan biri – G’ayratiy ijodining ham salmoqli hissasi bor. Adabiyotga Hamid Olimjon, G’afur G’ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Uyg’un, Komil Yashin, Mirtemirlar bilan baravar kirib kelganlardan biri G’ayratiydir.

G’ayratiy ijodining shakllanishida Hamzaning ta’siri kattadir. Bu haqda yozuvchining o’zi keyinchalik quyidagilarni yozadi: «Men Hamza bilan teatr truppasida tanishdim... Hamza bilan adabiy suhbatlar o’tkazib ko’p narsa o’rganar edik, Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan muntazam suratda suhbatlashib turish menga o’xshagan adabiyot havaskorlari uchun katta adabiy maktab bo’ldi».

Hayotga va mehnatga, kelajakka ishonch va sobit e’tiqod G’ayratiy she’riyatining g’oyaviy mazmunini tashkil etadi. Shu jihatdan uning «Vatan», «Shoir», «Suhbat», «Yoshlik» kabi she’rlari xarakterlidir.

U davr bilan hamnafas bo’lishni, xalq baxt-saodatini kuylashni ijodining asl maqsadi deb bildi. Buni u «Shoir» she’rida quyidagicha ifodalaydi:

Yo’qlik dostonin har damda o’qib,
Afsonalardan ma’nolar to’qib,
Yashash yo’lidan ketmakka qo’rqib,
Ommadan uzoq bo’lmasin shoir...

Shoir ijodining dastlabki davrlarida yaratilgan bu she’r badiiy jihatdan birmuncha zaif bo’lsada, ammo unda shoirning umri ohirigacha saqlanib qilgan intiluvchanlik mavjud.

G’ayratiy she’riy asarlar bilan birga, «Yosh partizanlar», «Otamning xotira daftari», «Siz – mening yoshligimsiz» kabi ko’plab hikoya va qissalar ham yaratdiki, ular davr bilan, yozuvchining ko’rgan-kechirganlari bilan chambarchas bog’liq.
Syujet voqealarining tarangligi hamda ularning qiziqarli tarzda qurilishi «Rustamjonning sarguzashtlari» qissasining muhim fazilatidir. Qissaning qiziqarliligi unda urush davridagi shiddatli voqealarning hikoya qilinishi bilangina vujudga kelgan emas. Balki tasvirda sarguzasht uslubining ustunligi ham muhim rol o’ynagan. Umuman, «Unutilmas kunlar» kabi «Rustamjonning sarguzashtlari» qissasi ham urush davri o’zbek bolalar nasrining yaxshi namunasidir.
Bulardan tashqari, G’ayratiy dramatik asarlar ham yaratgan. Uning «Omon», «Yo’ldosh», «Qanotli do’stlar», «O’rmonda» kabi dramalari uzoq yillar respublika qo’g’irchoq teatri va yosh tomoshabinlar teatri repertuaridan mustahkam o’rin olib keldi.

1972 yilda G’ayratiyga «O’zbekiston xalq shoiri» unvoni berilgan.

U 1976 yil 22 yanvarda vafot etgan. 

 

Ijodiy faoliyati

1929-1931 yillarda O’zbekiston Davlat nashriyotida muharrir va bo’lim boshlig’i
«Erk tovushi» birinchi she’riy to’plami
1927 yilda 1928 yilda «Yashash taronalari» she’riy to’plami,
«Qutulish» nomli hikoyalar to’plami,
«Hashar» (1929)
«Qora yuraklar» (1931)
«Oshiq hukmi» (1932)
«Onamga xat» (1933)
«Tanlangan asarlar» (1934)
«Shikasta» (1935)
«Mahkam» (1935)
«Sevgi» (1939)
«Oltin yoshlik» (1940)
«Hikoyalar» (1957)
«Tanlangan asarlar» (1958) kabi qator to’plam va dostonlari nashrdan chiqdi.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda Furqat va Hamza kabi ustozlari haqidagi «G’urbatda Furqat», «Shoir», «O’lmas qo’shiq» kabi kitoblarini chop etdi.
«Tepalik mozor» (1956)
«Hilola»
«Sababi - tiriklik» (1958)
«Yo’ldosh»
«Qanotli do’stlar»
«O’rmonda»
«Omon»
«Maxsum qochdi» (1960) kabi hajviy hikoyalar ham yaratdi.
«Dovdirash» nomli hajviy hikoyalar to’plamini nashr ettirdi.
1973 yilda esa ikki jildlik tanlangan asarlari nashr etildi.

Rasmlar galereyasi