Tarjimai hol
Iste’dodli teatr va kino aktyori Yoqub Ahmedov 1938 yili Namanganda tug‘ilgan. A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgandan so‘ng, 1958 yildan beri Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatri aktyori, 1992 yildan esa shu teatrning direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.
Yo.Ahmedov uzoq yillar shu ijodiy jamoada ishlash jarayonida 50 dan ortiq spektakllarda asosiy rollarni o‘ynadi. Dastlab Uyg‘unning «Parvona» asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda Murodjon rolini o‘ynagan aktyor - bu birinchi va mustaqil roli ustida tinimsiz mehnat qildi, izlandi va nihoyat Murodjon uning sevimli rollaridan biri bo‘lib qoldi, u roldan-rolga o‘sib, keyinchalik qator ajoyib obrazlar yaratdi.
Shu o‘rinda u yaratgan asosiy obrazlarni eslash joizdir: Oq yigit (Mustay Karim, «Oy tutilgan tunda», 1966), Protey (V. Shekspir, «Veronalik ikki yigit», 1966), Dulchin (A. Ostrovskiy, «So‘nggi qurbon», 1967), Beruniy (Uyg‘un, «Abu Rayhon Beruniy», 1973), Kreonat (Sofokl, «Antigona», 1977), Karenin (L. Tolstoy, «Tirik murda», 1978), Gorodulin (A. Ostrovskiy, «Har to‘kisda bir ayb», 1982), Solihboy (Hamza, «Boy ila xizmatchi», 1982), Bobur (P. Qodirov, «Yulduzli tunlar», 1983), Abay (M. Avezov, «Abay», 1983), Shohjahon (Uyg‘un, «Zebunniso», 1983), Otello (Shekspir, «Otello». 1984), Jukov (I.Rigad, «Marshal Jukov», 1985), Yusufbek hoji (I.Sulton, «Abdulla Qodiriyning o‘tgan kunlari», 1988), Alisher Navoiy (Uyg‘un, I. Sulton, «Alisher Navoiy», 1991). Bu sanoqni yana davom ettirish mumkin.
Ayniqsa, Yo.Ahmedov talqinidagi Ali Qushchi (M. Shayxzoda, «Mirzo Ulug‘bek»), Kreonat (Sofokl, «Antigona»), Shohjahon (Uyg‘un, «Zebunniso») obrazlari aktyor ijodida muhim voqea bo‘ldi va Hamza teatrida yaratilgan eng nodir obrazlar qatoridan o‘rin oldi.
Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Bobur, Furqat, Ali Qushchi, Abay kabi o‘tmishda o‘tgan buyuk zotlar, olimu fozillar, shoiru shuarolar, Jukovdek sarkardalar obrazlarini yaratish Yoqub Ahmedovga nasib etgan. Bu obrazlarni yaratish, albatta aktyordan katta mas’uliyat, tinimsiz mehnat, tarixiy o‘tmish voqealarini chuqur o‘rganishni talab etar edi. U bu obrazlarni qiyomiga yetkazib ijro etdi.
Yoqub Ahmedovni keng san’at muxlislariga tanitgan ilk obraz - bu Turob To‘la ssenariysi asosida, rejissyor Y.A’zamov tomonidan 1958 yilda suratga olingan «Furqat» filmidagi Furqat obrazi bo‘ldi. Agar Alisher Navoiy obrazini Olim Xo‘jayev sahnada, R.Hamroyev ekranda katta mahorat bilan ijro etib, keng jamoatchilikka qanday tanilgan bo‘lsa, Yo. Ahmedov ham Furqat obrazi bilan san’at muxlislariga tezda tanildi va e’tirof etildi.
Shundan keyin Yo. Ahmedov kinoda 30 ga yaqin obraz yaratib, o‘zbek kino san’atida ham o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. U yaratgan Okxoy («Ganga qizi»), Qodirov («Zumrad»), Azizbek («O‘tgan kunlar»), Amir Olimxon («Qora konsulning halokati»), Umar («Sevgi dramasi»), Shayx («Hamza»), Sultonali («Mehrobdan chayon»), Shayx Abbos («Olovli yo‘llar») va boshqa obrazlarni alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
U «Alibobo va qirq qaroqchi» filmida ham suratga tushdi. Shuningdek, «O‘zbekfilm» kinostudiyasida dublyaj qilingan 400 dan ortiq filmga ovoz berdi.
Yoqub Ahmedov «O‘zbektelefilm» ijodkorlari yaratgan «Alisher Navoiy», «Ulug‘bek xazinasi», «Diyonat», «Girdob», «Ichkuyov» va boshqa videofilmlarda ham yetakchi rollarni ijro etdi.
Iste’dodli teatr va kino aktyori Yoqub Ahmedovning sermahsul ijodi «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni, 1977 yilda Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, 1997 yilda «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.