Abdullaxon II

Tavallud topgan sana: 1534 yil

Vafot etgan sana: 1598 yil

Tug'ilgan joy:Samarqand viloyati

Yo'nalishlar: Hukmdorlar

24316

Tarjimai hol

Abdullaxon II (toʻliq ismi: Abdulla ibn Iskandarxon ibn Jonibek sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abulxayrxon) (1534; Miyonkol, Ofarinkent qishlogʻi — 1598.8.2, Samarqand, Buxoro yaqinidagi Bahouddin majmuasiga dafn etilgan) — oʻzbek davlatchiligi tizimidagi Buxoro xonligining shayboniylar sulolasidan chiqqan eng yirik hukmdori (1583—98), davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, maʼrifat, madaniyat homiysi. Bobosi Jonibek sulton (vafoti 1528/29) Karmana va Miyonkol hokimi (1512/13-yildan boʻlgan. Otasi Iskandar sulton oʻgʻli tugʻilgan paytda Ofarinkentni, keyichalik, aftidan aka-ukalaridan biri vafot etgach, Karmanani boshqargan. Abdullaxon II Shayboniyxon vafotidan keyin parchalanib ketgan mamlakat hududini qayta birlashtirish, markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlash uchun yoshlik chogʻidan qattiq kurash olib borgan. Toshkent hokimi Navroʻz Ahmadxon (Baroqxon) bilan Koson yonida (1548), Moʻgʻuliston xoni Abdurrashidxon va shayboniylardan Doʻstum sultonlar qoʻshiniga qarshi Forob yonida (1554) jang qilgan. Yosh Abdulla sulton oʻzining hukmdor sifatidagi butun gʻayrat-shijoatini 1551-yil Karmanada namoyish etgan; viloyatga Toshkentdan Navroʻz Ahmadxon va Samarqanddan Abdullatifxon hujum qilganlar, Iskandar sulton Amudaryo ortiga qochgan. Abdulla sulton otasi vazifasini oʻz zimmasiga olib bu hujumni muvaffaqiyatli qaytargan.

Keyingi yillarda (1552—56) oʻz mulkini gʻarbga — Buxoro tomonga va janubiy-sharq — Qarshi va Shahrisabz tomonga kengaytirishga intilgan. Bu saʼy-harakat dastlab muvaffaqiyatsiz chiqqan, hatto 1556-yil u ota meros mulkini tashlab Maymanaga qochishga majbur boʻlgan. U amakisi, Balx hokimi Pirmuhammaddan harbiy yordam olib va piri Joʻybor xojalaridan Xoja Muhammad Islom koʻmagida Navroʻz Ahmadxon, keyinchalik uning oʻgʻillari Darveshxon va Bobo sultonlarga qarshi uzoq muddat kurash olib borgan. Navroʻz Ahmadxon vafot etgach (1556), darhol Karmana va Shahrisabzda oʻz hukmronligini tiklaydi, 1557-yil mayda Buxoroni qoʻlga kiritadi va uni oʻz poytaxtiga aylantiradi. 1561-yil otasini davlat boshligʻi — xon deb eʼlon qilib, uning nomidan mamlakatni oʻzi boshqara boshlaydi. Markaziy xokimiyatga boʻysunishdan bosh tortgan shayboniy sultonlar bilan kurashib Balx (1574), Samarqand (1578), Toshkent, Sayram, Turkiston (1583) va Fargʻona (1583) ni egallaydi.

1582-yil Dashtga yurish qilib Ulugʻtogʻta qadar borgan. 1583-yil otasi Iskandarxon vafot etgach, mamlakatni oʻz nomidan boshqara boshlaydi. Markaziy hokimiyatga qarshi koʻtarilgan Maymana va Garchiston (1583), shuningdek Badaxshon (1585) dagi gʻalayon, tartibsizliklarni bostirgan. Xorazmga ikki marta yurish (1594, 1596) qilib, u yerda markaziy hokimiyat hukmronligini qayta tiklagan. Abdullaxon II mamlakat hududi yaxlitligini tiklash yoʻlida qoʻshni xorijiy davlatlar bilan ham kurash olib borgan. Masalan, Turkiya Movarounnahrda oʻz taʼsirini kuchaytirish niyatida Abdullaxon II ga qarshi kurashda Bobo sultonga yordam bergan. Bobo sulton turk askarlari yordamida Nasaf yonida Abdullaxon II ga qarshi jang qilgan. Abdullaxon II safaviylar bilan Xuroson, Gʻilon uchun kurashib ularni oʻz tasarrufiga kiritgan. Sharqiy Turkistonga qilingan yurishda Qashqar va Yorkent viloyatlarini olgan. Boburiylar ham Badaxshon, Shom, Afgʻoniston va Xuroson uchun Abdullaxon II ga qarshi kurashganlar. Abdullaxon II bunga qarshi Sind (1583), Kashmir (1586) ni egallab, davlatning janubiy. chegaralarini mustahkamlagan.

Abdullaxon II davrida mamlakat hududi Qashqardan Orol va Kaspiy dengizlari sohillarigacha, Turkiston va Sayramdan Xurosonning sharqiy qismigacha boʻlgan yerlardan iborat edi. Abdullaxon II hayotining soʻnggi yillarida oʻgʻli Abdulmoʻmin (q. Abdulmo`minxon) bilan chiqishmay qolgan. Abdulmoʻmin 1582-yil kuzidan Balxni otasi nomidan boshqarayotgan edi. Iskandarxon davrida Abdullaxon II haqiqiy, amaldagi hukmdor boʻlgani kabi, Abdulmoʻmin ham keksaygan otasiga nisbatan shunday mavqeni egallamoqchi boʻlgan. Faqat ulamolarning aralashuvi tufayligina ota-bola oʻrtasida ochiq urush harakatlari boshlanmagan va Abdulmoʻmin otasiga boʻyin egishga majbur boʻlgan. Ular oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashganidan xabar topgan qozoq xonlaridan Tavakkalxon Toshkent viloyati va Toshkent—Samarqand oraligʻidagi yerlarga bostirib kirib, unga qarshi yuborilgan qoʻshinni yenggan. Unga qarshi safarga otlangan Abdullaxon II Samarqandga yetganda vafot etgan.

Abdullaxon II faol tashqi siyosat olib borgan. Bu davrda shayboniylar Eron, Hindiston, Turkiya,Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan keng diplomatik, iqtisodiy, savdo aloqalari olib borganlar. Masalan, Abdullaxon II elchilari 1583-yil Moskvadan oʻq-dori, ov qushlari, mato olib kelganlar. Bunday elchilik 1589, 1595-yillarda ham qaytarilgan. Abdullaxon II ning mamlakat ichki siyosatidagi, davlat boshqaruv tizimini mustahkamlash, ayniqsa pul islohoti oʻtkazish yoʻlidagi faoliyati natijalari keyingi davrlarda ham saqlanib qolgan. U koʻplab turli inshootlar qurdirgan. Hozirgacha xalq orasida u yoki bu inshoot qurilishi Amir Temur yoki Abdullaxon II ga nisbat beriladi.

Rasmlar galereyasi