Shavkat Mirziyoyev AQShda o‘zbek maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Malakovga “O‘zbekiston xalq artisti” unvonini topshirdi
O‘zbekiston delegatsiyasining AQShga rasmiy tashrifi munosabati bilan “Villard interkontinental” mehmonxonasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyasi a’zolari, vazirlik va kompaniyalar rahbarlari, biznes va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tarixini chuqur o‘rganib, butun dunyoda keng targ‘ib etayotgan Frederik Starr va barcha amerikalik olimlarga tashakkur izhor etdi.
Tadbirda yana bir e’tiborli voqea bo‘ldi: ko‘p yillik samarali ijodi, o‘zbek maqom san’atini rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosini dunyoda targ‘ib etishga qo‘shgan hissasi uchun maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Malakovga “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni berilgani e’lon qilindi. Izro Malakov yuksak e’tibori va qadrdon o‘zbek xalqining unvoni uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
Izro Malakov — buxorolik taniqli maqom ustasi. Izro Malakov “Shashmaqom”, undan keyin “Maqom” ansambli tarkibida butun dunyo bo‘ylab sanoqsiz gastrollarni amalga oshirgan. 1997-yilda bo‘lib o‘tgan “Sharq taronalari” festivalida Izro Malakov “Qurbon o‘lam” ashulasi bilan festival laureatiga aylangan edi. Maqomchilar ansamblining Toshkentdagi faoliyati davomida Malakov o‘zbek qo‘shiq san’atining oltin fondiga kiritilgan 200 dan ortiq qo‘shiqlarni ijro etgan. Shuningdek, bir nechta plastinkalar yozishga ham muvaffaq bo‘lgan. Maqomchining “Qurbon o‘lam”, “Samarqand ushshog‘i” va boshqa bir qator ashulalari haqiqiy san’at durdonasiga aylangan.