Tarjimai hol
Aslida qondosh ozarbayjon naslidan bo‘lib, keyinchalik o‘zbek xalqining chinakam sevimli shoiri, yozuvchisi, dramaturgi, zabardast olimi sifatida dong taratgan Maqsud Shayxzoda 1908-yili Ozarbayjonning Ganja viloyatiga qarashli Oqtosh shahrida tug‘ildi. Otasi Maʼsumbek elu-yurtda katta obro‘ga ega shifokor edi.
U sanʼat va adabiyotni sevar, tarix va falsafaga qiziqardi, Oqtosh ziyolilar bilan turli masalalarda suhbatlashardi. Yosh Maqsud Nizomiy va Firdavsiy, Navoiy va Fuzuliy, Pushkin va Shekspir kabi buyuklar nomini ilk dafʼa ana shu suhbatlarning birida eshitadi va bu muhit unga adabiyotga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otadi.
Maqsud Shayxzoda Oqtoshda ibtidoiy maktabni bitirgach, 1921-yili Boku dorilmualliminiga o‘qishga kiradi va uni tugatgach Dog‘istonning Darband, Bo‘ynoq shaharlarida muallimlik qilgan. U 1926-yili Adhem Fayziy tashkilotiga aʼzo etilgan “Milliy firqa” tashkilotiga aʼzo bo‘lib, musovotchilar harakatida faol qatnashgani uchun 1928-yili hibsga olinib, Toshkentga surgun qilingan. Umrining oxiriga qadar shu yerda yashab, ijod qilgan. Albatta, sho‘ro hukumati Shayxzodani O‘zbekistonda ham taʼqiblar va tahqirlardan benasib qoldirgani yo‘q.
Muhimi shundaki, Shayxzoda “toleʼ doim erkalamaganiga” qaramay, umrining oxiriga qadar o‘zbek xalqining sadoqatli farzandi sifatida faoliyat ko‘rsatdi va O‘zbekiston uning ikkinchi vatani bo‘lib qoldi.
Shayxzoda Toshkentga kelgach, avval Narimonov nomidagi texnikumda dars beradi, keyin “Sharq haqiqati”, “Qizil O‘zbekiston”, “Yosh leninchi” gazetalarida ishlaydi.
1929-yili yosh shoirning o‘zbek tilidagi dastlabki sheʼri “Sharq haqiqati” gazetasi sahifalarida bosilib chiqadi. Oradan ko‘p o‘tmay, Shayxzodaning birinchi to‘plami “O‘n sheʼr”, keyinroq “Undoshlarim” (1933), “Uchinchi kitob” (1934), “Jumhuriyat” (1935) kabi to‘plamlari nashr etiladi.
Maqsud Shayxzoda “xalqimizning mehnat qahramonligi, kurash va jang, ozodlik va do‘stlik, baxt va alam, yurtning go‘zal manzaralari va insonning maʼnaviy jamoli mening qalamimga oshno, dilimga mazmun bo‘lib keldi” deb taʼkidlagan edi.
Shoirning bu fazilatlari, eng avvalo, hayotdagi, voqelikdagi va odamlarimizning ruhiy olamidagi o‘zgarishlar, holatlarni ifodalashga qodir yangi, betakror obrazlarida namoyon bo‘ldi. Bu Tarix –Yo‘l – Safar – Kema –Karvon, Xarita (yer kurrasi va Vatani), Manzil, Raqam, Surʼat va Vaqt obrazlaridir. Bular bir-biri bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, insoniyat tarixi yaxlitdir va doim olg‘a qarab harakat qiladi, bu insoniyat karvonini – kemani to‘xtatib bo‘lmaydi, u insoniyat orzusi – baxt-saodat manzili sari harakat qiladi.
Buni Shayxzodaning o‘z kitoblariga “O‘n besh yillik daftari” yoki “Chorak asr devoni” deb sarlavha qo‘yishidan ham bilish mumkin. Shoirning o‘zi “Inson umri cheklangan muhlatli daftar”, demak bu daftarni foydali, ezgu ishlar – “yozuvlar” bilan to‘ldirish lozim deydi. “Raqamlar” sheʼrida esa shunday satrlar bor: “Men na munajjimman va na hisobdon va lekin ko‘raman sonlar mag‘zida osmoncha maʼnolar, yurtni obodon”...
“Qo‘llar» sheʼrida qo‘llarda insonning borlig‘ini, uning ichki olamining muhrini ko‘radi. Uningcha, “g‘oyat shafqatli, hayotbaxsh qo‘llar” ham “ayovsiz, yovuz, go‘r kabi sovuq, tanbal” qo‘llar ham bor, qisqasi, har bir qo‘l “yurakning navkarlaridir”, yurak neni buyursa, qo‘l shuni ijro etadi.
Maqsud Shayxzoda ijodiy balog‘atidan dalolat beruvchi asarlardan biri “Toshkentnoma” dostonidir. Adabiy jamoatchilik o‘z vaqtida bu dostonni shoirning adabiyotimizning yirik ijodiy muvaffaqiyati sifatida baholadi. Chindan ham, “Toshkentnoma” Shayxzoda dostonlari ichida eng barkamoli bo‘lib, unda shoir shaxsiyatining o‘ziga xos qirralari ancha yorqin namoyon bo‘lgan. Dostondagi o‘ziga xoslik shundaki, asar yaxlit voqea asosiga qurilgan emas.
Shayxzoda ko‘pqirrali isteʼdod sohibi edi. U sheʼrlar va dostonlar bilan birga, juda yuksak badiiy quvvatga ega bo‘lgan dramalar ham yaratdi. Shayxzoda umrining so‘ngida yozishga kirishgan, lekin tugatib ulgurmagan “Beruniy” dramasini hisobga olmaganda ham, uning “Jaloliddin Manguberdi” va “Mirzo Ulug‘bek” dramalari allaqachon xalqimizning badiiy mulkiga aylanib qoldi.
Shayxzoda ikkinchi jahon urushi yillarida yozgan “Jaloliddin Manguberdi” (1944) tragediyasida o‘z yurtining ozodligi va mustaqilligi uchun mo‘g‘ul istilochilariga qarshi kurashgan so‘nggi Xorazm shohining jangovar jasoratini tarixan aniq va haqqoniy tasvirlagan. Oybek bilan G‘afur G‘ulom o‘sha vaqtda asarga yuqori baho berishib: “Tarixiy jarayonning haqiqiy mazmunini, uning ichki maʼnosini” ochib bergan, “Kompozitsiyasi pishiq, dramatik to‘qnashuvlarga boy bir asar.
1946-yilgacha “Jaloliddin Manguberdi” dramasidan ayrim parchalar “Armug‘on” to‘plamida bosilgan edi. Shundan keyin 43 yil davomida asar tilga olinmadi va dunyo yuzini ko‘rmadi. Asar sahnadan olingandan keyin ko‘p utmay Shayxzoda qamaldi. Bu asarga o‘tmish ideallashtirilgan degan siyosiy ayb qo‘yildi.
Musodara etilgan buyumlar ichida dramaning qo‘lyozmasi ham bor edi. Muallif oqlanib, qaytib kelganidan keyin muayyan tashkilotlar “yo‘qoldi” degan bahonalar bilan qo‘lyozmani qaytarib bermadilar. Shayxzoda uni bir necha yil qidirishga majbur bo‘ldi va nihoyat, teatrning sobiq suflyorlaridan uning bir nusxasini topishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin shunda ham asarning matni eʼlon qilinmay qolaverdi.
Taqdirning o‘yinini qarangki, muallif bu asarining chop etilganini ko‘rmay olamdan ko‘z yumdi. “Jaloliddin Manguberdi”ning to‘la matni birinchi marta Bokuda ozarbayjon tilida Shayxzodaning ikki jildlik saylanmasida bosilib chiqarildi. Faqatgina 1988-yildagina Jaloliddin Manguberdi” birinchi marta o‘zbek tilida yozuvchining “Boqiy dunyo” degan kitobida to‘la bosilib chiqarildi.
Maqsud Shayxzodaning xalqimiz tarixiga, jumladan, Jaloliddin Manguberdi taqdiri va kurashiga odilona yondoshganligi, haqiqatni himoya qilganligi Prezidentimiz Islom Karimov imzosi bilan eʼlon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 24-sentyabrdagi “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800-yilligini nishonlash to‘g‘risida” qarori ham yana bir bor tasdiqlaydi.
Shayxzodaning yozuvchilik shuuri va ijodkorlik zehnining o‘tkirligi yana bir bor isbotlandi. Maqsud Shayxzodaning o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan yana bir ulkan hissasi “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasidir. Tragediya 1964-yili yozildi, o‘sha yili bu asar Hamza teatri sahnasida qo‘yildi, keyinchalik uning asosida kinofilm yaratildi.
Maqsud Shayxzoda yuksak ilm egasi edi. Ayniqsa, u o‘zbek mumtoz adabiyotini chuqur bilar edi. 1941-yilda Toshkentda nashr etilgan “Genial shoir” to‘plami adabiyotshunos olim Shayxzodaning Navoiy ijodiga oid ilmiy maqolalaridan tashkil topgan. Navoiy sheʼriyatining bu chuqur ilmiy tadqiq navoiyshunoslikda hamisha alohida o‘rin egallab qoladi.
Shayxzoda Navoiy mahoratini, uning sanʼatkorligini teran o‘rganishni boshlab bergan o‘tkir tadqiqotchi edi. Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Maqsud Shayxzoda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)da, Toshkent Davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent Davlat pedagogika universiteti)da uzoq yillar davomida o‘zbek adabiyoti tarixidan o‘qigan maʼruzalari, maxsus kurslari o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘yicha eng qimmatli darslar edi.
Maqsud Shayxzodaning butun ijodi chuqur siyosiy publitsistik ruh bilan to‘la. Uning sheʼriy, dramatik asarlari qaysi mavzuga bag‘ishlangan bo‘lmasin, zamona bilan hamohangdir. Shuning uchun ham shu tipdagi ijodkorning bevosita publitsistika janrida xizmat qilishi tasodifiy hol emas. Uning zo‘r badiiy janrga ega bo‘lgan publitsistik maqolalari va nutqlari bu isteʼdodli adib ijodining mazmundorligi va rang-barangligidan yorqin nishonadir.
Isteʼdodli shoir mohir tarjimon ham edi. U jahon adabiyoti mumtoz shoirlarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishda katta xizmat qildi. Jumladan, Shekspirning “Hamlet” va “Romeo va Julyetta” asarlari o‘zbek drama teatrlari sahnasida Shayxzoda tarjimasida sahnalashtirildi.
Pushkin, Lermontov, Bayron sheʼrlarini o‘zbek o‘quvchisiga ilk bor taqdim etgan shoirlar avlodi ichida Shayxzoda ham bor.
Shoir mahoratining o‘sishiga, uning jahon adabiyoti klassiklarining asarlarini g‘oyat sevib o‘rgangani, ularning boy badiiy tajribasini ustalik bilan o‘zlashtirgani ham sabab bo‘ldi. U G‘arbiy Yevropa va rus adabiyotini mukammal bilgani holda o‘zining Vatan adabiyotini – Sharq sheʼriyati merosini ham to‘la o‘rgangan edi.
Maqsud Shayxzodani 50-yillar boshida mutlaqo asossiz ravishda qamoqqa oladilar va 25 yilga surgun qiladilar. Stalin vafot etgach, tuhmat bilan nohaq qamalganlarning ishi qayta ko‘rildi. Shu tariqa 1955-yili ko‘pgina fidoyi ziyolilarimiz qatori Shayxzoda ham oqlanib chiqdi. Lekin 5 yillik qamoqxona azoblari natijasida shoirning sog‘ligi juda yomonlashib qolgan edi. Shunga qaramay, umrining oxirigacha 10 yil davomida baland uyning eng yuqori qavatida yashashga majbur bo‘ldi. Ana shunday og‘ir sharoit va xastalikda ham hayotidan sira nolimay umrining oxirigacha ijod qilishdan to‘xtamadi.
Yaxshi bilasiz, ziyo degani nur, yorug‘lik, oydinlik demakdir. Haqiqatan ham ziyolilarimiz elga bilim, maʼrifat, madaniyat ulashish, taʼlim-tarbiya berishdek savob ishlarga daʼvat etilgan...” Bu so‘z bilan go‘yo sehrlangan majlis zalida o‘tirganlar gulduros qarsaklar chalib yuborishgan edi. U qisqa hayot kechirdi – 60 yoshga ham to‘lmay, 1967-yil 19-fevral kuni uzoq vaqt davom etgan xastalikdan so‘ng olamdan ko‘z yumdi. Shayxzoda ijodi eng gullagan paytda, shiraga to‘lgan vaqtda olamdan ketdi.
Boshidan qanchadan-qancha musibatli kunlar o‘tgan bo‘lmasin, u hech zorlanmagan. Uning iymon-eʼtiqodi, dunyoqarashi, yuqoridagi misralarda teran bayon qilingan. U hech qachon alamzadalik bilan yashamadi. Aksincha, unga xiyonat qilgan, uni azob uqubatlarga, jiddiy xastaliklarga duchor qilganlar haqida hech qayerda, hech narsa demagan. Shayxzoda o‘zining insoniy fazilatlariga sodiq qolib, doimo xayrxohlik va balandlik xislatlari bilan yuksalib yashadi. Chunki uning chinakam, sodiq do‘stlari ham oz emas edi. Bular ichida Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Komil Yashin, Mirtemir, Shukur Burxonlar bor edi...