Tarjimai hol
Ziyovuddinxon bolalik davrlaridanoq qiblagohlarining shogirdlarga bergan darslarini ko‘rib ulg‘aydilar. Keyinroq "Tilla Shayx" masjidining imom-xatibi Hakim qoridan qiroatdan dars olib, o‘n ikki yoshlarida Qur’onni tamomila yod oldilar. 1920-yili Ko‘kaldosh madrasasiga o‘qishga kirib, u yerda ustozlari Jamolxo‘ja domladan hadis ilmidan Xatib Tabriziyning "Mishkotul masobih" va Hasan Hazratdan "Jalolayn" tafsirini, asli suriyalik atoqli olim Muhammad ibn Said ibn Abdulvohid al-Asaliy ash-Shomiy at-Tarablusiydan Imom Buxoriyning "Jome’us sahih" kitobini dars olganlar. 1945-yili otalari Eshon Boboxon bilan birga haj safariga borganlar. 1947—1948-yillari Qohiradagi Al-Azhar universitetining shayxlaridan Abdulloh Fuqqoiy va Hofiz Tiyjoniylardan dars olib, so‘ngra Makka va Madina shaharlarida bilimlarini yana-da chuqurlashtirib kelganlar.
1948-yili ikkinchi kurultoyda diniy nazorat raisining o‘rinbosari etib saylandilar. 1957-yilgi uchinchi qurultoyda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining raisi etib saylandilar va bu zotga "Besh jumhuriyat muftiysi" unvoni berildi.
Hazratning tashabbuslari bilan 1961-yili diniy boshqarma qoshida Xalqaro aloqalar bo‘limi tashkil etildi va to‘rt tilda "Sovet Sharqi musulmonlari" nomli jurnal chop etila boshlandi, 1971-yili Toshkentda Imom Buxoriy nomida Oliy mahad (Islom instituti) ochildi. 1957, 1960, 1968-yillari Sovet Ittifoqi hududida Qur’oni karimning chop etilishiga rahbarlik qilganlar.
Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning Islom olamida obro‘-e’tiborlari yuksak edi. Ular Jahon, Sovet Ittifoqi va O‘zbekiston Tinchlik kengashlari, Jahon Oliy Islom kengashi, Masjidlar bo‘yicha Jahon Oliy kengashi, Islom Oliy kongressi, Osiyo va Afrika xalqlari birdamligi kabi tashkilotlarga a’zo bo‘lganlar.
Islom dinining targiboti yo‘lida ko‘rsatgan katta xizmatlari uchun muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon ikki marotaba birinchi darajali "Iordaniya yulduzi" ordeni, "Iordaniya yulduzi" ko‘krak nishoni, birinchi darajali "Livan kedri" ordeni, Marokashning oliy darajali "Buyuk mutafakkir" ordeni, "Livan yulduzi" ordeni, Sovet Ittifoqi hukumatining "Xalqlar do‘stligi" ordeni bilan taqdirlanganlar.
Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon 1982-yili vafotlaridan keyin O‘zbekiston hukumatining ruxsati bilan Qaffol Shoshiy maqbarasi orqa tomoniga — otalarining yonlariga dafn etilganlar.