Parda Tursun

Tavallud topgan sana: 1909 yil

Vafot etgan sana: 1957 yil

Tug'ilgan joy:Namangan

Yo'nalishlar: Yozuvchilar

6833

Tarjimai hol

XX asrning 50-yillarida ko‘zga ko‘ringan yozuvchilardan biri Parda Tursundir. Parda Tursun ijodida «Domla» (1937) hikoyasi muhim o‘rin tutadi. Parda Tursun M.E.Saltikov-Shedrin, A.K.Tolstoy, Emil Zolya, Gi de Mopassan asarlarini o‘zbek tiliga ag‘dargan.

U 1909 yili Namangan viloyati Pop tumanidagi Chorkesar mahallasida dehqon oilasida tug‘ildi. Ota-onadan erta yetim qolgan Parda Tursun sarson-sargardonlikda hayot kechiradi. Ayovsiz yillar shamoli uni 1918 yilda Chorkesar qishlog‘idan Toshkentga yetaklaydi. Kishilar eshigida xizmatkor bo‘lib kun kechiradi. Undagi ilmga tashnalik 1923-1927 yillarda tajriba ko‘rsatkich maktabiga, 1927-1928 yillarda esa pedagogika bilim yurtiga olib keladi. So‘ngra, 30-yillar boshiga qadar u Toshkent viloyatining Pskent tumanidagi maktablarda o‘qituvchilik qiladi.

Parda Tursunning adabiyotga qiziqishi xuddi shu davrdan boshlangan. 1929-1934 yillarda «Qizil O‘zbekiston» gazetasi sahifalarida ilk xabar va ocherklari chop qilingan. 1930-yilda uning «Zo‘rlik» nomli birinchi hikoyasi e’lon qilingan.

1941-1945 yillarda adib ikkinchi jahon urushida qatnashadi. Urushdan keyingi yillarda oliy o‘quv yurtlarida talaba, o‘qituvchi, nashriyotlarda muharrir bo‘lib faoliyat ko‘rsatadi. Parda Tursun ijodida «Domla» (1937) hikoyasi muhim o‘rin tutadi. 1947 yili uning shu hikoya asosida yozgan birinchi yirik asari - «Haq yo‘l» nomli qissasi chop etiladi. Undagi bosh qahramon - Xolmurod Do‘stmatovning hayot yo‘li timsolida adib o‘zbek ziyolisining bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘lini gavdalantiradi. U keyinroq «O‘qituvchining yo‘li» nomi bilan chop etilgan. 1950 yillarda mazkur qissa qayta ishlanib, «O‘qituvchi» nomi bilan roman sifatida nashr qilingan.

1934-1935 yillarga kelib adibning «Ostonada», «Qo‘ldosh va Marusya», «Bir xotinning tarixi» kabi hikoyalari yaratiladi. Parda Tursun 30-yillarda zamondoshlari hayotidan olingan bir qator hikoyalar, o‘nlab ocherklar yaratdi. Uning «Dadajon rais» (1932), «Yangi raislar» (1933), «Majlisda» (1934), «Quvnoq hayot» (1935), «Yaylovda» (1935), «Traktorchi» (1935) kabi ocherklari shular jumlasidandir. Adib hikoyalarida bo‘lganidek, ocherklarida ham o‘zbek ziyolisining bosib o‘tgan yo‘li, kurashi haqida hikoya qiladi.

U 1957 yilda vafot etgan.

Rasmlar galereyasi