Omon Matjon

Tavallud topgan sana: 14 fevral 1943 yil

Tug'ilgan joy:Xorazm

Yo'nalishlar: Yozuvchilar, Shoirlar

23762

Tarjimai hol

Omon Matjon 60-yillardan boshlab matbuotda o‘z she’rlari bilan ko‘rina boshlaydi. U adabiyot oldidagi xizmatlari uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Omon Matjon O‘zbekiston xalq shoiridir (1993). Hozirgi kunda shoir faol ijod qilmoqda.

Omon Matjon 1943 yili Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tavallud topgan. O‘rta maktabni tugatgach, Samarqand Davlat universitetida tahsil oladi. 1969-2002 yillar mobaynida G‘afur G‘ulom nomli Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bo‘lim boshlig‘i, so‘ngra «Yoshlik» jurnalida bosh muharrir, «Cho‘lpon» nashriyotida direktor bo‘lib ishlaydi. Hozirgi kunda «Gulxan» jurnalining bosh muharriri bo‘lib ishlamoqda.

Shoirning eng yaxshi she’rlari «Ochiq derazalar» (1970), «Karvon qo‘ng‘irog‘i» (1973), «Yonayotgan daraxt» (1977), «Yarador chaqmoq» (1979), «Haqqush qichqirig‘i», «Seni yaxshi ko‘raman» (1983), «Gaplashadigan vaqtlar» (1986) kabi to‘plamlaridan o‘rin oldi.

 Bu to‘plamlardagi «Amu», «Oybek», «Shu’lalardan hayratlanish», «Ona degan so‘z», «Turnalar», «Mezon», «Chorlov», «O‘n uchinchi eshik», «Umrimiz haqida» kabi she’rlari hozirgi o‘zbek she’riyatining eng yaxshi namunalaridan bo‘lib, ularda inson qalbining turfa jilolari rang-barang tashbehlarda, jozibali obrazlarda ifodalangan.

Omon Matjon ijodida uning «Cho‘ldagilar» doston xronikasi, ayniqsa, «Gaplashadigan vaqtlar» nomli she’riy qissasi alohida o‘rinni egallaydi. Ular o‘zining yangicha shakli, ohangi bilan kitobxon e’tiborini tortadi.

2000 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti Avestoning 2700 yilligiga bag‘ishlangan «Ardaxiva» asarini chop etdi.

2002 yilda islom dunyosining buyuk namoyandasi Xo‘ja Ahror Valiy hayoti, taqdiridan hikoya qiluvchi «Xaloskor ruh» asari «Sharq yulduzi» (2002, 3-son) jurnalida chop etildi.

Omon Matjon tarjimon sifatida qardosh va chet el adabiyotlaridan ko‘plab asarlarni ona tiliga mahorat bilan ag‘dargan. Xususan, uning A.Shiller, Sh.Bodler kabi jahon klassiklari ijodidan qilgan tarjimalari e’tiborga loyiq.

Rasmlar galereyasi