Tarjimai hol
Muhammad Fuzuliy jahon adabiyoti xazinasiga bebaho durdonalar bo‘lib qo‘shilgan shohona asarlari bilan nafaqat Ozarbayjon, balki O‘rta Osiyo xalqlarining, jumladan, o‘zbek xalqining ham sevimli shoiridir.
Muhammad Fuzuliy Iroqning Karbalo shahrida ziyoli oilada dunyoga kelgan. Tavallud sanalari ma’lum emas, ammo 1498 yil tavvalud topgan deb taxmin qilinadi. U dastlab maktabda, keyinchalik Bag‘dodga borib madrasada ta’lim olgan. Uning maktab davridayoq she’riyatga, adabiyotga ixlosi juda baland bo‘lib, bu hol bo‘lajak shoir qalbiga so‘z qudrati sehrini muhrlagan, nazm gulshaniga yetaklagan.
Tinmay mutolaa qilish asnosida o‘z davrining yetuk kishisi, allomasiga aylangan Fuzuliyni zamondoshlari «Mavlono» deb ataganlar. Shoirning asarlaridagi chuqur falsafiy fikrlar, teran mushohadalar uning haqiqatan ham har tomonlama yetuk olim ekanligidan darak beradi.
Fuzuliy ozarbayjon tilida ijod qilsa-da, fors, arab tillarini ham mukammal bilgan, bu tillarda ham asarlar yaratgan. Mazkur asarlar shoirning Yaqin Sharq xalqlari madaniyatini ham puxta bilganligi, tarix, tib, nujum, handasa kabi dunyoviy bilimlarni, ayniqsa, mantiq va falsafani chuqur egallaganligini ko‘rsatadi. Uning mutafakkir shoir sifatida qadimiy yunon madaniyati va falsafasini puxta o‘rgangani, «Matla ul-e’tiqod» asarida Aflotun, Aristotel, Geraklit kabi yunon faylasuflari asarlari to‘g‘risidagi mulohazalaridan sezilib turadi.
Fuzuliy Iroqning Bag‘dod, Najar kabi bir qancha shaharlarida yashagan, keyinchalik yurti Karbaloga qaytib kelgan va 1556 yil vabo kasalidan vafot etgan.
Fuzuliy devondan tashqari, «Layli va Majnun», «O‘aft jam» («Yetti jam»), «Anis ul-qalb» («Qalb do‘sti»), «Matla ul-e’tiqod» («E’tiqod boshlanmasi») kabi bir qancha asarlar yozgan.
Buyuk iste’dod egasi bo‘lgan shoir umr bo‘yi moddiy qiyinchilikda, qashshoqlikda yashagan, lekin tamagirlik, kishilarga qaram bo‘lishdan hazar qilgan. U saxovatlilarga ko‘z tikib, mute bo‘lib yashashdan ko‘ra kambag‘allikni, qanoatni, hurlikni afzal ko‘rgan, bu hol uning asarlarida yaqqol o‘z ifodasini topgan.
Fuzuliy devonida g‘azallar salmoqli o‘rin egallaydi. Shoir Sharq g‘azalchiligidagi an’anaga ko‘ra ishqiy g‘azallar bitishga alohida ahamiyat bergan.
Shoir Erkin Vohidov shunday xotirlaydi: «Fuzuliy devonida bir bayt bor:
Banimkim g‘amlarim vordir, biyirin ustina qo‘ysang,
Chiqar kofir jahannamdan, kulib ahli azob o‘ynar.
Ajabo deyman, g‘amni tuyaning ustiga qo‘yish nimasi-yu, kofirning jahannamdan chiqishi nimasi? Bularning qanday aloqasi bor? Xattotning xatosimikin? Unday desam hamma devonlarda shunday yozilgan.
Esimda bor, tog‘amning ulfatlariga choy tashib xizmat qilib yurib ularning ajoyib suhbatlaridan ko‘p bahramand bo‘lganman. Alixon Sog‘uniy, Chustiy, Ma’rufxo‘ja Bahodirov, aka-uka Shojalilovlar qatnashadigan bu ulfatchilik Navoiy, Fuzuliy, Ogahiy, Mashrab she’rlarini talqin qilish bilan o‘tar edi. Men bu davraga o‘zim mag‘zini chaqolmagan baytlarni tayyorlab qo‘yardim, ko‘pchilik bo‘lib ular bu baytlarni sharh qilishar edi. Fuzuliyning ushbu baytini o‘qib berganimda, uni hech kim sharh qila olmadi. Majlis to‘rida Alixon Sog‘uniy ulfatlarni imtihon qilganday jilmayib o‘tirar edilar. Nihoyat u kishi, qani bir qo‘lni ochinglar, deb Fuzuliy haqqiga uzun duo o‘qib, so‘ng baytni sharh qilib berdilar. Payg‘ambarimiz aytmishlarki, kofir abadulabad jahannamda bo‘ladi. Tuya ignaning teshigidan o‘tsa, kofir do‘zaxdan chiqadi, ya’ni hech qachon chiqmaydi. Fuzuliy bayti shu hadisga ishora ekan. Mening shunday g‘amlarim borki, ular tuyaning ustiga ortilsa, tuya ipdek ozib ketadi va ignaning teshigidan o‘tadigan holga keladi-yu kofir jahannamdan chiqadi...»