Mallitskiy Nikolay Gurevich

Tavallud topgan sana: 30 sentyabr 1873 yil

Vafot etgan sana: 30 oktabr 1947 yil

Tug'ilgan joy:Rossiya imperiyasi

Yo'nalishlar: Geograflar

1223

Tarjimai hol

Mallitskiy Nikolay Gurevich - sharqshunos olim, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi (1945). 1895 yildan buyon Toshkentda. 1901 yildan 1906 yilgacha “Turkiston axboroti” “podsholik” gazetasida bosh muharrir. 1907 yil yanvardan Toshkent shahar o‘zini idora qilish boshqarmasi boshlig‘i.

Nikolay Gurevich Mallitskiy Orenburg viloyatining Dedovo qishlog‘ida 1873 yil 30 sentabrda tug‘ilgan. Uning otasi Guriy Aleksandrovich Mallitskiy mahalliy ruhoniy Aleksandr Mallitskiyning uchinchi o‘g‘li bo‘lib, Dedovo qishlog‘ida uzoq yillar muallimlik qilgan. Mallitskiyning onasi Yelizaveta Petrovna Molchanova ham o‘qituvchi bo‘lib ishlagan, Dedovo qishlog‘iga Orenburgdagi ayollar o‘quv yuritini bitirib kelgan.

Nikolay Gurevich oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgan. Uni yana ikkita singlisi: Nina va Yelena bo‘lgan. 1881 yilning mart oyida Aleksandr II “Xalq irodasi” tashkilotchilari tomonidan o‘ldirilgach, Guriy Aleksandrovich Mallitskiy muallimlik lavozimidan olib tashalandi, zotan, u “Xalq irodasi” tashkilotchilariga yaqin bo‘lgan va Mallitskiylar oilasi Xabarovskka ko‘chib ketib, bu yerda Guriy Aleksandrovichga xizmat lavozimi taklif etiladi.

Biroq, endigina 12 yoshni qarshi olgan Nikolay Gurevich Orenburgdagi gimnaziyada ta’lim olganligi bois, u  Orenburgda, buvisi Guriya Aleksandrovna qaramog‘ida qoladi.

1891 yilning bahorida uning buvisi vafot etadi. Shu yili Nikolay Mallitskiy gimnaziyani oltin medal bilan tamomlab, Sankt Peterburgga ketadi va Peterburg pedagogika instiutiga o‘qishga kiradi.

1895 yil Peterburg pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini (tarix bo‘limi) a’lo baholar bilan yakunlaydi. Kedrov, Mushketov, Semyonov-Tyanshanskiy kabi O‘rta Osiyoning yorqin olimlarining ma’ruzalarini tinglab, institutni bitirgach, u xizmat o‘tash uchun Toshkentga ketadi. Bu safarni u yoshligidan orzu qilgan, garchi, Pedagogika institutida ishlash uchun qolish imkoniyaga ega bo‘lgan bo‘lsa-da.

Toshketda Nikolay Gurevich Mallitskiy Toshkent o‘g‘il bolalar gimnaziyasining direktori hamda shahar xalq o‘quv yurtlari bosh nazoratchisining o‘rinbosari Nikolay Petrovich Ostroumovning qiziga uylanadi. Bo‘lajak rafiqasi Olga Nikolayevna bilan u 1896 yil bahorda Ostroumovlarning xonadonida tanishib qolib, shu zahotiyoq oshiq bo‘lib qoladi. 1897 yil boshida to‘y qilishadi.

O‘qituvchilarni tayyorlov dargohida N.G.Mallitskiy 1898 yilgacha, tarix va jo‘g‘rofiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. So‘ngra, ushbu fanlar kesimida o‘g‘il bolalar gimnaziyasiga o‘tkaziladi. Bu davrlarda Nikolay Gurevich ilmiy tadqiqotlar bilan faol mashg‘ul bo‘ladi.

Toshkentga keliboq, N.G.Mallitskiy darhol o‘zbek va arab tillarini o‘rganishni boshlaydi va ularni osongina egallaydi. Keyinroq, u tojik tilini ham mukammal egallaydi.

1901 yilning bahorida yuqori rahbariyat bilan o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan nizo tufayli, N.G.Mallitskiy o‘z xohishi bilan iste’foga chiqib ketadi. Gimnaziyadan iste’foga chiqqach, N.G.Mallitskiy “podsholik” “Turkiston axboroti” gazetasi bosh muharriri va doimiy muxbiri etib tayinlanadi.

Ushbu lavozimga tayinlangach, Mallitskiy taklif qilingan ishga katta ishtiyoq ila yondashadi. Tez orada, Mallitskiylar oilasi Samarqand ko‘chasidagi xizmatchilar dahasiga ko‘chib o‘tadi. Gazetaning bosh muharriri lavozimida N.G. Mallitskiy 1901 yildan 1906 yilgacha ishlagan.

1906 yilning kuzida N.G.Mallitskiy Shahar Kengashi tomonidan deputatlikka saylanadi va 1907 yilning 9 yanvaridan Toshkent shahri hokimi etib tayinlanadi.

Yosh va serg‘ayrat Shahar hokimi qo‘l ostida qarovsiz va katta qarzga botgan shahar xo‘jaligi tezda me’yorga keltiriladi, qayta shakllangan mahkama jamoasining vijdonli mehnati Toshkent obodonchiligi bo‘yicha jiddiy ishlarni boshlashda yordam bo‘ladi. Avvalam bor, Shahar Kengashi suv xo‘jaligi tizimi yaxshilanishida g‘amxo‘rlik qilgan.

U rahbarligi davrida Toshkentda elektr tramvayi qurilgan.

Urush yillaridan ancha yillar avval, 1914 yil Toshkentda so‘nggi texnika anjomlari asosida qushxona qurish qarori qabul qilinib, mazkur maxsus masalani o‘rganishda xorijga xodimlar yuboriladi. Chirchiqning Niyozbek dahasida (shaharni elektr kuchi bilan yoritmoqchi bo‘lishgan) gidroelektr bo‘limlarini qurish bo‘yicha loyihalar tayyorlangan, yer osti quvurlarini o‘tkazish loyihalarini boshlab yuborishgan. Biroq, kutilmagan urush sababli, boshlangan loyihalarni oxirigacha yetkazishning imkoni bo‘lmadi. Shuningdek, u Toshkentning boshqa taniqli shaxslari qatorida, Toshkentda universitet va Sibirga temir yo‘l qurishga (avvalam bor, O‘rta Osiyoda qishloq xo‘jaligi ixtisosligi bilan bog‘liq) harakat qilgan va buni zarur deb bilgan. 1910 yil bu haqdagi ma’ruzasi bilan u Sankt Peterburgga borgan.

Oktabr inqilobidan so‘ng Nikolay Gurevich o‘qituvchilik faoliyatiga qaytadi, avval maktabga, so‘ng, 1918 yildan universitetga. Keyinroq, 20-yillar u Oliy harbiy sharqshunoslik maktabida ham dars bergan, 1926 yil Qizil professor unvoniga ega bo‘ladi.

Shuningdek, u Toshkentdagi Tojik muallimlik institutida ham ishlagan. O‘quv muassasalaridan tashqari, Mallitskiy tarix va etnografiya institutida ham faoliyat yuritgan.

N.G.Mallitskiy 1897 yil Jo‘g‘rofiya Jamiyati tashkil etilganidan buyon, uning a’zosi bo‘lgan. U yerda saylov orqali bir qator lavozimlarni egallagan: 1899 yildan 1902 yilga qadar - kotib olim; 1902 yildan 1906 yilga qadar - boshqaruv a’zosi; 1906 yildan 1918 yilga qadar - rais o‘rinbosari; 1918 yildan - rais.

Urush boshlarida Mallitskiy O‘rta Osiyo harbiy okrugi idorasiga uchuvchilar uchun O‘rta Osiyo fizik-jo‘g‘rofiy tumanlarning tavsifini tuzish taklifini beradi. U uchun kichik ochiq samolyot taqdim etilib, unda uchuvchi bilan uchgan. Bu ish uchun to‘lanuvchi haqdan voz kechgan va bu ishni kelajak yutug‘i uchun qo‘shgan o‘z xissasi o‘rnida ko‘rishlarini so‘ragan.

1945 yilning 8 mart kuni Nikolay Gurevich Mallitskiyga dissertatsiya himoyasisiz fan doktori darajasi beriladi.

 

Nikolay Gurevich Mallitskiy 1947 yilning 30 oktyabr kuni yurak hurujidan vafot etgan.

 

 

Rasmlar galereyasi