Qudrat Hikmat

Tavallud topgan sana: 1925 yil

Vafot etgan sana: 1968 yil

Tug'ilgan joy:Toshkent

Yo'nalishlar: Shoirlar

20837

Tarjimai hol

Qudrat Hikmat- bolalar adabiyoti shoiridir. Bolalar adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan shoir. Qudrat Hikmat qaysi mavzuda, qaysi janrda qalam tebratmasin, halol, topqir va chopqir bolalar dunyosini kashf etishga intiladi.

U 1925 yili Toshkentning Sebzor mahallasida tavallud topgan. Onasi Muborak aya erta qazo qilgan (1934). Otasi esa dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Qudrat Hikmat 1934 yilda o‘rta maktabga borib, uni 1944 yilda tugatgan.

Shoir sifatida maktab devoriy gazetasida o‘z she’rlari bilan ko‘rina boshlaydi.

1945 yildan boshlab Qudrat Hikmat she’rlari gazetalar, «Gulxan», «Sharq yulduzi» kabi jurnallarda chop etiladi.

Qudrat Hikmat 1947 yildan boshlab mashhur baxshi Islom shoir Nazar o‘g‘liga adabiy kotib bo‘lib xizmat qiladi. Bu hol ijodkordagi xalqchillikning kamol topishiga olib keladi.

Uning birinchi she’riy to‘plami - «Mening vatanim» 1950 yilda nashr etiladi.

U 1957 yilda Toshkent Davlat kechki pedagogika institutini tugatgan.

Shundan so‘ng uning «Baxtli bolalar», «Tinchlik - obodlik», «Moskvaga sayohat», «Do‘stlik», «Uch o‘rtoqning sovg‘asi», «Nabira mehri», «Onaxonim», «Alisher va kitob», «Toshbaqalar hujumi», «Soatjonning soati» kabi o‘nlab she’riy guldastalari, «Chirchiq farzandi» dostoni, «Ilon shoh va uning amaldori Ari haqida ertak» kabi asarlari yaratiladi.

Qudrat Hikmat mohir tarjimon sifatida S.Marshak, S.Mixalkov, A.Barto kabi rus shoirlarining she’rlarini o‘zbekchaga tarjima qilgan.

U 1968 yili og‘ir betobliqdan so‘ng 43 yoshida vafot etgan.

Qudrat Hikmatning she’rlaridagi bolalarcha samimiylik, beg‘uborlik va to‘g‘rilik shoir asarlarining jozibali bo‘lishini ta’minlaydi.

Ammo:

Olmos mening yuragim,
Tolmas mening yuragim.
Kim aytadi she’rimda
Qolmas mening yuragim, -

deganidek, shoir o‘z she’rlarida uzoq yashash baxtiga muyassar bo‘lgan ijodkorlardan biridir.

O‘zbek bolalar adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan shoir Qudrat Hikmatdir.

Rasmlar galereyasi