Qoriyev Maqsud

Tavallud topgan sana: 1 avgust 1926 yil

Vafot etgan sana: 2010 yil

Tug'ilgan joy:Toshkent

Yo'nalishlar: Adabiyotshunoslar, Yozuvchilar

7295

Tarjimai hol

Taniqli jurnalist va adib Maqsud Qoriyev 1926 yil Toshkentda tug‘ilgan. Urush yillarida Yunusobod qishlog‘i jamoa xo‘jaliklarida oddiy mehnat bilan shug‘ullangan. 1947 yilda esa Toshkent yuridik institutini tugatib, shu institut aspiranturasida o‘qishni davom ettirgan. Keyinchalik yuridik fanlari nomzodi degan ilmiy darajaga ega bo‘lgan.

Adibning jurnalistik faoliyati 1949 yildan boshlangan. 1954-1963 yillarda «Toshkent haqiqati» gazetasida avval bosh muharrir o‘rinbosari, so‘ng bosh muharrir bo‘lib ishlaydi. 1963-1984 yillargacha «Sovet O‘zbekistoni» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») gazetasiga boshchilik qildi. 1984-1988 yillarda «Mushtum» jurnalining bosh muharriri bo‘lib ishladi. Keyinchalik «Mehrigiyoh» gazetasini ham boshqardi.

Maqsud Qoriyev adib sifatida 60-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab mahalliy matbuotda ko‘rina boshlaydi. Maqsud Qoriyevning «Oydin kechalar» (1968), «Jiyda gullaganda» (1970), «Afrosiyob go‘zali» (1974), «Turnalar baland uchganda» (1976), «Qiz uzatib borganda» (1978), «Oy tutilgan tunda» kabi hikoya va qissalar to‘plamlarida yoshlar taqdiri, orzu-armonlari-yu, oila quvonchi, baxti chiroyli, nozik lirik pardalarda kuylanadi. Uning «Spitamen» tarixiy romanida xalqimizning ming yillik milliy ozodlik yo‘lidagi kurashi ishonarli tarzda umumlashtirilgan bo‘lsa, «Ibn Sino» (1995) tarixiy romanida musulmon olamining faylasuf va tabibi, buyuk allomasi haqida hikoya qilinadi.

Maqsud Qoriyev tarixiy mavzularda «Osiyo go‘zali», «Temur haqida hikoyalar», «Yulduzlarda edi xayoli», «Qaytar dunyo», «Tojmahal» singari qator badialar ham yaratgan. Uning «Ezgulikka intilib» essesi ham mohir publitsist ekanidan dalolat beradi. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimidir.

Mustaqillikning yetti yilligida «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimidir.

U tavalludining 80 yilligi arafasida «G‘aznaviylar» nomli yangi tarixiy romanini chop ettirdi.

Rasmlar galereyasi