Ismatov Asad

Tavallud topgan sana: 1907 yil

Vafot etgan sana: 1953 yil

Tug'ilgan joy:Andijon

Yo'nalishlar: Aktyor va aktrisalar

5660

Tarjimai hol

Asad Ismatov- Istedodli kino va teatr aktyori bolib, u teatrda unutilmas obrazlar yaratgan va badiiy filmlarda betakror rollar ijro etgan.

 Iste’dodli kino va teatr aktyori Asad Ismatov 1907 yilda Andijon shahrining Ittifoq mahallasida tug‘ilgan. 1924 yili Andijonda yangi tashkil etilgan drama gruppasiga ishga kirib, Shillerning «Makr va muhabbat», Gogolning «Revizor» pyesalarida rollar ijro etdi.

Teatrda «Farhod va Shirin», «Ikki boyga bir malay», «Ichkarida» va boshqa pyesalarni sahnaga qo‘ydi.O’sh shahri teatrida uning «Adolat» nomli spektakli 40 yil mobaynida sahnadan tushmadi.

Keyinchalik A. Ismatov Muqimiy teatrida K. Yashinning «Nurxon»ida Hoji, S. Abdullaning «Tohir va Zuhra»sida Qora botir, Hamza teatrida Uyg‘un va I. Sultonning «Alisher Navoiy»sida Husayn Boyqaro obrazlarini maromiga yetkazib ijro etdi.


Qisqa davr ichida u katta e’tibor qozondi va yaratgan obrazlari, sahnalashtirgan asarlari tomoshabinlarni hayajonlantirib, sahna shinavandalarini mamnun etdi. Farg‘ona kanali qurilishida artistlar ham faol qatnashib, kunduzi kanal qazishsa, kechqurun mehnatkashlarga tomosha ko‘rsatishgan.

Usmon Yusupov Farg’ona kanalining qurilishiga kelganda A. Ismatov bilan L. Sarimsoqovalar ter to’kib ishlayotganlarini, kechqurun esa spektaklda rol ijro etishlarini ko‘rib, ularga «O‘zbekiston xalq artisti» unvonini bergan.

1936 yilda Toshkent kinofabrikasi taklifiga binoan A.
Ismatov respublikamiz poytaxtiga yo‘l oldi. 1937 yili A. Usoltsev — Gaft tomonidan qo‘yilgan «Qasam» filmi Toshkent studiyasining ishlab chiqargan birinchi ovozli filmi bo‘ldi. Bu filmda Asad Ismatov birinchi marta kinoartist sifatida qatnashib, filmdagi Azim obrazini yaratar ekan, butun hayotiy tajribasi, bilimi, san’atga bo‘lgan muhabbatini ishga soldi va bu obrazni o‘zbek kinoaktyorlari uchun namuna darajasiga ko‘tardi. Keyin «Azamat» filmida Umar rolini ijro etdi.

Rejissyor Y.
Protazanovning «Nasriddin Buxoroda» filmidagi choyxonachi epizodik rolida A.Ismatov haqiqiy xalq farzandi obrazini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. 1945 yili N. G‘anievning «Tohir va Zuhra» filmida Boboxon roli A.Ismatovga katta shuhrat keltirdi.

Rejissyor K. Yormatov suratga olgan «Alisher Navoiy» nomli tarixiy-biografik filmda Husayn Boyqaro rolini ijro etgan Asad Ismatov Davlat mukofoti laureati degan unvonga sazovor bo‘ldi.

 A.Ismatov Husayn Boyqaro obraziga xos qarama-qarshiliklarga to’la eng muhim xususiyatni bera olgan va og‘ir muayyan tarixiy sharoit doirasidan chiqib ketolmagan zo‘r iste‘dod egasi sifatida gavdalantirgan.

Nabi G’aniev o‘zbek mehnatkashlarining hayoti aks ettirilgan «Farg‘ona qizi» filmini yaratdi va bu filmda aktyor ijro etgan Jabbor ota obrazi markaziy figuraga aylandi.

1952 yili esa «Paxtaoy» filmida Bobomehnat rolini ijro etdi. Asad Ismatovning o‘zbek kino va teatr san‘ati ravnaqiga qo‘shgan hissasi 1948 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni va Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Yetuk iste‘dod sohibi Asad Ismatov 1953 yilda vafot etdi. Teatrdagi qator obrazlari, «Qasam», «Tohir va Zuhra», «Alisher Navoiy» badiiy filmlarida yaratgan betakror obrazlari bilan san’atkor o‘zbek san’ati tarixida munosib o‘rin egalladi.

Teatrdagi faoliyati:

  • Muqimiy teatri
  • Xamza teatri

Kinodagi rollari:

  • “Klyatva”( “Qasam”) filmida Azim, “Azamat” filmida Umar
  • “Nasriddin v Buxare”(“Nasriddin Buxoroda”)filmida Choyxonachi
  • “Tohir va Zuhra” filmida Boboxon
  • “Alisher Navoi” filmida Xusayn Bayqaro
  • “Doch Fergani” (“Farg’ona qizi”) filmida Jabbar ota
  •  “Paxtaoy” filmida Bobomehnat

Teatrdagi rollari:

  • K.Yashinning “Nurxon” - Xoji
  • S.Abdullaning “Tohir va Zuhra” - Qorabotir
  • Uyg‘un va I.Sultonning “Alisher Navoi” - Xusayn Bayqaro

Unvonlari: “O‘zbekiston Xalq artisti” faxriy unvoni va davlat mukofoti (1948 y.)

Rasmlar galereyasi