Tarjimai hol
G‘ozi Yunus - mohir jurnalist, yetuk hikoyanavis va bir qator xalqona she'rlar muallifi, ko‘zga ko‘ringan dramaturg, hajv ustasi hamda jamoat arbobi va aktyor.
«Zarafshon» gazetalari va «Mushtum» jurnalining tashkilotchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ma'rifatparvarlik va jadidchilik harakati davri adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namoyondasi. Bir qator asar va pyesalar yaratgan. "Mehnat va matbuot qahramoni" unvoni sohibi.
XX asr milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri G‘ozi Yunusdir.
1887 yilda Toshkentning Oxunguzar mahallasida ziyoli-hunarmand oilasida dunyoga kelgan.
Oiladagi to‘rt o‘g‘il bo‘lib, ota-ona tarbiyasida ham savodli, ham ustachilik kasbiga ega bo‘lishgan. G‘ozi Yunus otasi yonida imorat ustasi sifatida yangi shahar qurilishida qatnashganligi sababli rus tilini erta va mukammal egallagan. Madrasada arab va fors tillarini puxta o‘rgangan.
G‘ozi Yunus 1915 yilda madrasani imtiyozli bitirgach, xalq qo‘shiqlari, musiqasiga havasi ortib, dutor, tanbur chalishni o‘rganadi, xonanda sifatida ham tanilgan.
1916 yilda mardikorlikka olinib, Boltiqbo‘yi frontida qatnashadi va ko‘p o‘tmay, u yerdan nogiron bo‘lib qaytadi. Inqilob arafasida Eshonguzar mahallasida taghkil topgan «Og‘alarga yordam qo‘mitasi»da sarkotib bo‘lib ishlaydi va tuhmat tufayli biroz muddat qamalib ham chiqadi. Shu tarzda uning «Turma xotirasi yoki Haqsizlik kasofati» degan dostoni yuzaga keladi. Shundan so‘ng u sekin-asta o‘z she'rlari bilan matbuot sahifalarida ko‘rina boshlaydi, teatr sahnalarida rollar ijro etadi. Xususan, Abdulla Qodiriyning «Baxtsiz kuyov» dramasida aktyor sifatida ishtirok etadi. Keyinchalik o‘zi yaratgan «Zahhoki moron» dramasida Zahhokning otasi adolatpesha Temirtosh rolida o‘ynaydi.
Shuningdek, u milliy o‘zbek matbaasi, nashriyotimiz tashkilotchisi sifatida elga tanilgan. Buxoro, Boku shaharlaridan bosmaxona uchun texnika vositalari, harflar keltirgan. Toshkentdagi Eski Juva bosmaxonasini tashkil etishda jonbozlik qilgan. «Turkiston», «O‘izil bayroq», «Zarafshon» gazetalari va «Mushtum» jurnalining tashkilotchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Bundan tashqari u dramaturg – tarjimon sifatida ham keng tanilgan. U 30 dan ziyod sahna asarlarini yaratgan bo’lib, ulardan 28 tasi alohida kitob sifatida 1926 yilda nashr etilgan. Ushbu kitoblar mavzu va muammolari bilan bir-biridan farq qilsada, ular bir maqsadni ko’zlaydi.
Oktabr inqilobi to’g’risida ko’p maqolalar yozgan. Shunday keng jabhadagi faol xizmatlari uchun Toshkent shahar ijroko‘mi 1921 yilda unga "Mehnat va matbuot qahramoni" unvonini beradi.
Biroq 1929 yillardan boshlab unga bo‘lgan qarash o‘zgaradi va u siyosiy ta’qib ostida qoladi. U ham, boshqalar qatori, «xalq dushmani», «panturkist», «panislomist» tamg‘asi ostida 1937 yilning 6 avgustida hibsga olinadi.
1942 yilning 5 may kuni Vologda shahri qamoqxonasida olamdan o‘tadi.