G‘aniyev Nabi

Tavallud topgan sana: 1904 yil

Vafot etgan sana: 29 oktabr 1953 yil

Tug'ilgan joy:Toshkent

Yo'nalishlar: Aktyor va aktrisalar, Rejissyorlar

8146

Tarjimai hol

Nabi G‘aniyevich G‘aniyev — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi. 50 yillik hayotining o‘ttiz yilini sevimli bo‘lgan san’atga bag‘ishlagan. U o‘zbek kinosi shakllanishi va rivojlanishida katta o‘rin egallagan kinofilmlarni yaratgan.

Nabi G‘aniyev 1904 yil Toshkentda tug‘ilgan. Bolaligidan she’r mutolaasi, qo‘shiq kuylash, dutorda chalish, rasm chizish, do‘stlarini parodiya qilishni yaxshi ko‘rgan. U rassom bo‘lishni orzu qiladi va 1924 yil Moskvadagi oliy badiiy texnikum ustaxonasiga o‘qishga topshiradi. Aynan shu yerda u ilk bor filmlarni ko‘radi va ularni bir umrga sevib qoladi. 1925 yil Nabi G‘aniyev Toshkentga qaytadi va endigina yaratilgan “Sharq yulduzi” kinostudiyasida ishlashni boshlaydi.

Avvaliga, u aktyor sifatida kinolarda chiqadi, so‘ngra, “Baxt quyoshi”, “So‘nggi bek” va boshqa kartinalarda har xil rejissyorlarga yordamchilik qiladi. Keyin, mustaqil rejissyor sifatida “Yuksalish”, “Ramazon”, “O‘lim qudug‘i”, “Yigit”, “Biz g‘alaba qozonamiz”, “Jasur do‘stlar” filmlarini suratga oladi.

Kinomatografiyachilarning milliy kadrlarini yaratish vazifasini anglab, u yangi san’at targ‘ibotchisi o‘rnida chiqadi va bor kuchi bilan studiyaga iqtidorli yoshlarni jalb qilishga harakat qiladi. Aynan ular uchun G‘aniyev o‘zbek tilida ikkita kitob yozadi - “Kinosenariy” va “Kinoaktyor”.

1926-1929 yillarning, deyarli har bir o‘zbek film titrlarida Nabi G‘aniyev ismini uchratish mumkin. U kartinalar yaratilishida ham aktyor, ham ilg‘or o‘zbek yosh-komsomolchi, ham eski qadriyatlarning omadsiz davomchisi, ham xo‘jalik maslahatchisi sifatida ishtirok etadi, lekin u ko‘proq - rejissyor yordamchisi bo‘lib xizmat qilgan. 1931 yil “Yuksalish” nomli o‘zining ilk badiiy filmini suratga oladi. “Ramazon” (1932), “Yigit” (1935) kabi o‘zining keyingi filmlarida G‘aniyev o‘sha davrlar sovet san’atining asosiy mavzusi — inqilobiy hodisalar ta’siri tufayli, hayotining qat’iy xo‘jayiniga aylangan kechagi qul mavzusiga yuzlanadi. Ushbu mavzuni u milliy material asosida O‘zbekiston odamlari va haqiqatga xos chizgilarni qat’iyat ila qidirgan holda hal qiladi.

Birinchi o‘zbek rejissyori ijodiy, texnik, tashkiliy kabi bir qator qiyinchiliklarni bartaraf qilishiga to‘g‘ri kelgan. Rol ijrochilari bilan bog‘liq ishlar juda mushkul kechgan. Professional o‘zbek aktyorlari xali bo‘lmagan. Uzoq izlanishlardan so‘ng kinoga qahramonlarning turmush tarzidan bexabar bo‘lgan, boshqa joydan kelgan aktyorlarni, yoki umrida kinoni ko‘rmagan kolxozchilar, fabrika va zavod faollarini taklif qilishga to‘g‘ri kelgan. Eng yirik qiyinchiliklar ayollar roli ijrochilari bilan bog‘liq bo‘lgan. Zero, insonning istalgan ko‘rinishdagi aksining tasviri din tomondan ta’qiqlangan, ruhoniylar kinematograf va kinematografiyachilarga qarshi bo‘lib, ularga qarshi chiqqanlarga falokat va’da qilganlar. Din aqidaparastlari, ayniqsa, paranjasini yechgan va sahnada kinokamera qarshisida turib, boshqalarga “yomon” o‘rnak bo‘lgan o‘zbek aktrisalariga tashlanishgan. Birinchi o‘zbek aktrisalaridan biri Nurxonning iqtidori endigina namoyon bo‘layotganda, u johilning qo‘lida 1929 yil jon taslim qiladi.

20-yil oxirlarida G‘aniyev qimmatli folklor ma’lumotlarini to‘plab, ular asosida kambag‘allar himoyachisi hamda savdogar va amaldorlarning xavf-xatarchisi bo‘lmish Namoz o‘g‘ri haqida film yaratishni xohlaydi. Rejissyor “Alpomish” qahramonlik dostoni haqidagi g‘oya ustida ham uzoq vaqt o‘ylab yuradi. Ushbu g‘oyalar amalga oshmagan. Biroq, Namoz o‘g‘ri haqidagi ma’lumotlardan G‘aniyev Ulug‘ Vatan Urushidan so‘ng qo‘yilgan “Nasriddin yurishlari” filmida foydalangan.

1935 yil Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi tomonidan G‘aniyevning ishlari ishonch qozona olmaganligi sababli, u rejissyorlik ishidan to urush boshlanish yillariga qadar chetlatiladi. Oradan bir necha yil o‘tib, u Sharq xalq qahramoni haqidagi “Nasriddin yurishlari” kinokomediyasining ikkinchi filmini suratga oladi.

Nasriddin haqidagi filmlar ustidagi ishlar G‘aniyev e’tiborini komediya janriga qaratadi. Tez orada, u “Tesha va Misha” komediyaviy filmiga kinosenariy yozadi, biroq, kasallik sabab, uni sahnalashtira olmaydi.

Urushdan keyingi birinchi o‘n yillik ichida o‘zbek kino san’ati jiddiy qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. O‘zbek kinostudiyasining faoliyati keskin susayadi. Lekin G‘аniyev ko‘pmetrajli badiiy filmlar ustida ham, kinojurnallar uchun mo‘ljallangan kichik hujjatli syujetlar ustida ham birdan ijodiy qiziqish bilan ishlay olgan.

Urushdan keyingi birinchi yillar u kinosenariylar yozadi, hujjatli tasmalar yaratilishida faol ishtirok etadi. 1948 yil oynaijahon orqali “Farg‘ona qizi” filmi uzatilib, unda G‘aniyev paxtakor-mexanizatorlarning mehnatli turmushidan so‘zlaydi.

O‘zbek SSRda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1944).

1953 yil 19 oktabr kuni hayotdan ko‘z yumgan. Toshkentning Farobiy katta ko‘chasida dafn etilgan. 1965 yil Toshkent kinotexnikumiga Nabi G‘aniyev nomi berilgan.

X. Akbarov ocherkidan lavhalar (“20 rejissyorlik tarjimai xollar”, 1971 yil, “San’at” nashriyoti).

Rasmlar galereyasi