G‘ofurov Mahmudjon

Tavallud topgan sana: 1917 yil

Vafot etgan sana: 2000 yil

Tug'ilgan joy:Toshkent

Yo'nalishlar: Aktyor va aktrisalar

7978

Tarjimai hol

O‘zbek san’ati ustasi Mahmudjon G‘ofurov 1917 yilda Toshkentda tug‘ilib, hayotda, san’atda poklik, halollikning timsoli sifatida uzoq va mazmunli umr kechirdi.

«Otam yoshligimda o‘lib ketganlar», — deb hikoya qilgan edi Mahmudjon aka —«Onamning qo‘lida tarbiya oldim. Shuning uchun ham maktabga kechikibroq bordim. 1927 yildan boshlab Oxunguzardagi Hofiza maktabida arab alifbosida o‘qidim. 1935 yilda Balamachitdagi Lohutiy nomidagi texnikumda o‘qib, uni 1939 yilda bitirdim. Shoir va dramaturg Turob To‘la ham biz bilan shu texnikumda o‘qigan.

Yoshligimdan mehnatga o‘rganganman. O‘n yasharligimdan dehqonchilik qilganman. Changalzor mavzesida bizning katta yerimiz bo‘lar edi. Bir gektar yerga qovun, tarvuz, kartoshka, piyoz, kungaboqar ekkan edim. Imorat qurar edim, paxsa devor urar edim. Sigirimiz bo‘lardi. Qora mehnatdan hech qachon kochmaganman.

1935-1940 yillarda O‘zbekiston radio qo‘mitasida xor artisti sifatida faoliyat ko‘rsatdim. Radiodagi xorni biz tashkil qilganmiz. 1937 yilda sobiq Ittifoq Radio qo‘mitasining Moskvada bo‘lgan xor festivalida qatnashib, birinchi o‘rinni olib kelganmiz.

1938 yilda o‘zbek xoridagi faoliyatim uchun tashakkurnoma olganman. 1939 yil may oyidan boshlab Muqimiy nomidagi O‘zbek Davlat musiqali teatrida aktyor sifatida ishlay boshladim va asta-sekin teatr san’atida o‘z o‘rnimni topa boshladim».

Mahmudjon G‘ofurov tabiatan ta’bi nozik, adabiy tilni puxta egallagan, kamgap, doimo o‘ziga qarab yuradigan, ozoda va tartibli kiyinadigan, egniga gard yuqtirmaydigan, sakson yoshida ham qaddi tik, xushsurat, yuksak madaniyatli inson edi. O‘zbek teatr san’ati ravnaqidagi buyuk xizmatlari uchun 1940 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni va qator orden va medallar bilan, mustaqillik yillarida esa «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.

Mahmudjon G‘ofurov 2000 yilda vafot etdi.

Rasmlar galereyasi