Tarjimai hol
Tarixshunos, shoir, davlat arbobi Fosih Havofiy 1375-yil Ruy (Xurosondagi Xaf viloyati markazida) tug‘ilgan. Hirotda voyaga yetib, o‘sha yerda tahsil olgan. Amir Temurning o‘g‘li Shohruh hamda uning o‘g‘li Boysunqurmirzolarning saroyida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan, jiddiy diplomatik vazifalarni bajargan. 1442-yil Hirotda (Afg‘oniston) vafot etgan.
Fosih Havofiyning yagona asari “Mujmal-i Fasihi” (“Tarixiy sanalar yig‘indisi”) maʼlum. Unda voqealar tarixiy ketma-ketlikda bayon etilgan, ayniqsa, 1301—1442-yillardagi voqealar bayonoti – Temur va Temuriylar tarixi bilan bog‘liq qismi noyob maʼlumot hisoblanadi. Asarda o‘z davrining davlat arboblari va adabiyotshunoslari haqida maʼlumot keltirilgan; avlodlar haqidagi asosiy tarixiy manbalar, mahalliy joylashuvlar, o‘z davrining maʼlum soliqlari, uzunlik va og‘irlik o‘lchov birliklari, tabiiy ofatlar, ichki nizolar va eng asosiysi, bularning barchasi aniq sanalar bilan keltirilgan.
Fosih Havoriyning zamondoshi Kotib Turushi Nishopuriy uning ulkan sheʼriy iqtidori haqida yozgan, Isfizoriy (1494-yil vafot etgan) va Alisher Navoiylar u haqda o‘qimishli inson va ajoyib shoir deb yozishgan.
V.V.Bartold o‘zining “Mo‘g‘ullar istilosi davrida Turkiston” asarida (1900-yil) mazkur asarning nodirligi haqida taʼkidlaydi.
Mazkur asar qo‘l yozmalarining nusxalari London, Kembrij, Bankipur, Tabriz, Sankt-Peterburg, Bengaliya va Tbilisi shaharlarida saqlanib kelinadi.