Tarjimai hol
Rahmat Fayziy (haqiqiy ismi Fayziyev Rahmat Fayziyevich) — o‘zbek sovet yozuvchisi, kinodramaturg, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Polsha Xalq Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi faxriy unvonlari bilan taqdirlangan. “Hazrati inson” romanining muallifi hamda “Sen yetim emassan” filmining ssenariy muallifi.
Rahmat Fayziy 1918-yili Toshkentning Beshyog‘och dahasida kosib oilasida dunyoga kelgan. U o‘rta maktabni tugatib, Toshkent temir yo‘llari qoshidagi Fabrika-zavod o‘quvchilik maktabida ta’limini davom ettirgan va uni ham tamomlab, elektromexanika texnikumida tahsil olgan. 1937-yil Rahmat Fayziy “Lenin uchquni” gazetasiga ishga kiradi, bir yildan so‘ng “Yosh leninchi” gazetasida faoliyat yuritadi. Turli davrlarda “Frunzevets” (1943), “Qizil O‘zbekiston” (1944-yildan 1951-yilga qadar “Sovet O‘zbekistoni”) gazetalarida ishlaydi. 1951-yildan 1954-yilgacha – “Sharq yulduzi” jurnali bo‘lim mudiri. 1957-yildan 1959-yilga qadar “O‘zbekiston madaniyati” gazetasi muharriri.
1962-yil Rahmat Fayziy “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga ishga kirib, u yerda 1965-yilga qadar ssenariy-muharrirlik jamoasida bosh muharrir lavozimida faoliyat yuritadi. 1965-yildan 1974-yilgacha Rahmat Fayziy O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida rais o‘rinbosari lavozimida ishlaydi. 1972-yildan SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. 1974-yildan Rahmat Fayziy mualliflik huquqini himoya qilish bo‘yicha Butunjahon tashkilotining O‘zbekiston bo‘limi rahbari lavozimini egallagan.
Yozuvchi 1988-yil 70 yoshida vafot etgan.
Ulug‘ Vatan Urushidan so‘ng Rahmat Fayziy o‘zining hikoya va qissalarining bir nechta to‘plamini chop etadi — “To‘y to‘yonasi”, “Cho‘lga bahor keldi”, “Qissa va hikoyalar” 1951-yil omma e’tiboriga taqdim etildi, “Shohi darparda” to‘plami 1958-yil nashrdan chiqqan.
Eng katta shuhratni yozuvchiga “Hazrati inson” (1969) romani olib kelgan. Yozuvchi, shuningdek, “Qaydasan, mening Zulfiyam?” badiiy filmining ssenariy muallifi ham hisoblanadi.
Mukofotlari
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1968)
O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1978)
Polsha Xalq Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi (1977)