Jabborov Jumaniyoz

Tavallud topgan sana: 25 noyabr 1930 yil

Vafot etgan sana: 13 dekabr 2010 yil

Tug'ilgan joy:Qashqadaryo viloyati

Yo'nalishlar: Shoirlar

5951

Tarjimai hol

Shoir va dramaturg Jumaniyoz Jabborov 1930 yili Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Po‘loti qishlog‘ida dunyoga kelgan. 1952 yil Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tamomlaydi. Mehnat faoliyatini 1953 yil “Sharq yulduzi” jurnalida bo‘lim mudirligidan boshlaydi. “Gulxan” jurnalining bosh muharriri, “O‘zbekiston ovozi” gazetasining bosh muharrir o‘rinbosari, G‘ofur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti direktori kabi lavozimlarda ishlab, vatanimizning bosma va adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.

Ko‘pqirrali 50-yillik ijodiy faoliyati davomida taniqli shoir o‘zining “Vatanimni kuylayman”, “Bahor nafasi”, “Maqsad yo‘lida”, “Tog‘lar sadosi”, “Ona yer qo‘shig‘i”, “Subhidam xayollari”, “E’tiqod” kabi she’riy kitoblari, dolzarb mavzulardagi dramatik asarlari, jahon mumtoz adabiyotining eng yaxshi badiiy tarjimalari bilan o‘zbek adabiyotidan munosib o‘rin egallagan. Ayniqsa, mustaqillik yillari u Vatanini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini, insonning baxti va muhabbatini tarannum etuvchi o‘zining yuqori darajali badiiy she’rlari va qo‘shiqlari, zamondoshlarimizning jonboz mehnati, mamlakatimizdagi keng qamrovli islohоtlar va yangilanishlar haqidagi publitsistik maqolalari, bilan ko‘plab adabiyot shinavandalar hurmatiga sazovor bo‘lgan.

Jumaniyoz Jabborov iqtidorli tashkilotchi sifatida jamiyat hayotida ham faol ishtirok etib, milliy g‘oyani keng targ‘ib qilish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda fidoyilik ko‘rsatdi. Ko‘p yillar mobaynida u O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida adabiyot maslahatchi bo‘lib ishlab, o‘nlab yosh iqtidor sohiblariga ustozlik qildi.

Jumaniyoz Jabborovning o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan mehnati davlat tomonidan munosib baholangan. Unga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” va “O‘zbekiston xalq shoiri” sharafli unvonlari taqdim etilgan, u ordenlar va medallar bilan taqdirlangan.

Rasmlar galereyasi