Domla Halim Ibodov

Tavallud topgan sana: 1878 yil

Vafot etgan sana: 1940 yil

Tug'ilgan joy:Buxoro

Yo'nalishlar: Qo‘shiqchilar

7492

Tarjimai hol

An’anaviy qo‘shiqchilik san’atimizning yorqin namoyondalaridan biri Domla Halim Ibodov Buxoro shahrida to‘quvchi oilasida dunyoga keldi. O‘n yoshidan taniqli xonanda va sozanda Usta Sharof  rahbarligida doira chertib, xalq qo‘shiqlarini ijro eta boshladi. Ustoz unga sekin-asta «Shashmaqom» namunalaridan tanishtira boshladi va mashhur san’atkorlar Ota Jalol va Ota G‘iyoslar bilan yaqindan tanishishiga yordam berdi.

O‘n sakkiz yoshidayoq Buxoroda yetuk xonanda bo‘lib elga tanildi. U maqom namunalarini jozibali ovozi bilan ijro etar, shinavandalar qalbida zavq-shavq uyg‘otardi. O‘zi ustoz bo‘lib yoshlarga ashula, doira usullaridan dars berardi. 1923 yilda Moskvada birinchi qishloq xo‘jalik ko‘rgazmasida Yusufjon qiziq Shakarjonov, Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, Ahmadjon Umrzoqov, Shorahim Shoumarov, G‘ulom Zafariy, Abduqodir Ismoilov, To‘xtasin Jalilovlar bilan birgalikda qatnashib zo‘r muvaffaqiyatlarga erishdi. Safardan qaytgach, mashhur xonanda haqida mana shunday misralar ham bitildi:

Moskvaga Domla Halim qildi safar.

Qo‘shiq bilan unda topdi ko‘p zafar.

1928 yilda Samarqandda musiqa va xoreografiya instituti ochilishi munosabati bilan Domla Halim Ibodov bu yerga taklif qilinadi va musiqashunos N.N.Mironov undan «Shashma­qom»ning ko‘pgina namunalarini yozib oladi. Samarqandda u atoqli bastakor va xonanda Hoji Abdulaziz Abdurasulov bilan birga hamnafas bo‘lib, juda ko‘p konsertlarda, sayllarda ishtirok etdi.

Domla Halim Ibodov 1931 yildan boshlab O‘zbekiston radiosida ishlay boshladi. U ijro etgan «Savti Sarvinoz», «Qash­qarchai ushshoq» «Iroq», «Nasrulloi», «Mo‘g‘ulchai dugoh», «To‘lqin», «Navro‘zi Sabo» singari ashulalar hozirgacha oltin fondda saqlanadi.

1933-1934 yillarda musiqashunos Y.E.Romanovskaya Domla Halim ijrosida qator kuy va qo‘shiqlarni, maqom yo‘llarini yozib oladi. Ustoz qator anjumanlarda, jumladan, 1932 yilda Respublika san’at qurultoyida, 1936 yilda san’atkorlarning I-Respublika konferensiyasida, 1937 yilda Moskvada birinchi o‘zbek dekadasida qatnashib, zo‘r muvaffaqiyatlarga erishdi.

U juda ko‘p iqtidorli shogirdlarga ustozlik qildi. Yunus Rajabiy, Muxtor Ashrafiy, Tolibjon Sodiqov, Mutal Burxonov, Mardon Nasimov, Doni Zokirov, Sharif Ramazonov, Nabi­jon Hasanov, Olimjon Halimov (hofizning o‘g‘li, O‘zbekis­ton xalq artisti, bastakor) lar shular jumlasidandir.

Domla Halim Ibodov san’atimiz oldidagi bebaho xizmatlari uchun «O‘zbekiston xalq hofizi» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.

Domla Halim Ibodov 1940 yilda vafot etdi. Ammo, bugungi kungacha uning nomi bilan atalib kelinayotgan Buxorodagi san’at bilim yurti ustoz orzu qilgan xayrli ishlarni ado etib kelmoqda.

Rasmlar galereyasi