Chustiy 

Tavallud topgan sana: 20 fevral 1904 yil

Vafot etgan sana: 12 sentyabr 1983 yil

Tug'ilgan joy:Namangan

Yo'nalishlar: Shoirlar

11629

Tarjimai hol

Chustiy sovet davrida mumtoz adabiyotimiz an’analarini davom ettirgan shoirlar sirasiga kiradi. Chustiy qo‘shiqchi shoir sifatida, ayniqsa, mashhur edi. Uning o‘nlab g‘azallari 30-yillardayoq grammplastinkalarda muhrlanib qolgan. Chustiy dramaturg va tarjimon ham edi.
Chustiy sovet davrida mumtoz adabiyotimiz an’analarini davom ettirgan shoirlar sirasiga kiradi. Shunga ko‘ra, u Habibiy, Sobir Abdulla, Charxiy kabi g‘azalnavis va qo‘shiqchi shoirlar qatoridan munosib o‘rin egallaydi.
Chustiy —shoirning adabiy taxallusi bo‘lib, u Namanganning Chust shahrida tavallud topgan. Asl ism-sharifi Nabixon (Nabixo‘ja) Nurillaxo‘ja o‘g‘li bo‘lib, 1904-yilning may oyida to‘quvchi-hunarmand oilasida dunyoga kelgan.
1916-yilda o‘lkada hukm surgan o‘zgarish va beboshliklar tufayli o‘n to‘rt jonli Nabixonlar oilasi Qo‘qonga ko‘chib borib, to‘quvchilik ishlari bilan shug‘ullanadi. Bo‘lajak shoir ham o‘n ikki yoshidan ota kasbiga mehr qo‘yadi, oilaga yordamlashadi. Keyinroq eski maktab va madrasalarda ta’lim oladi.
Chustiy Oktyabr to‘ntarishidan keyingi qariyb 60-70-yil davomida sho‘ro xo‘jalik tarmoqlarida, madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalarda faoliyat ko‘rsatadi. Jumladan, 1930—1939-yillarda kolxozlarda, matbuot kampaniyalarda turli lavozimlarda ishlaydi.
1940—1943-yillarda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida avval adabiy emakdosh, so‘ng direktor lavozimida xizmat qiladi. 1944—1945-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi Adabiyot jamg‘armasida direktor bo‘lib ishlaydi. So‘ng nashriyotlarda tarjimon sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
1950—1976-yillarda u O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlaydi. 1976-yildan boshlab unga respublika ahamiyatiga molik nafaqa tayinlanadi. Undagi she’riyatga, ijodga havas ancha erta uyg‘ongan bo‘lsa ham, mustaqil ijod yo‘liga o‘n sakkiz-yigirma yoshlarida qadam ko‘yadi. Bunda Sharq mumtoz adabiyoti namoyandalari ijodining ta’siri kuchli bo‘ladi.
Chustiyning shoir sifatida shakllanishida Turobiy taxallusi bilan g‘azal, muxammas va masnaviylar yaratgan otasi Nurillaxo‘janing ham ta’siri yo‘q emas.
Chustiy 1983-yil 12-avgustda vafot etgan.
Chustiy butun umri davomida yigirmaga yaqin she’riy to‘plam yaratgan va nashr ettirgan bo‘lib, ular janr va uslub jihatidan boy va rango-rangdir. Uning “Qo‘zg‘ol” (1942), “Shamshir”, (1943), “Lolazor” (1945), “Hayot zavqi” (1951), “Gul mavsumi” (1969), “G‘azallar” (1978), “Yod eting kamtarin Chustiyni ham” (1984) kabi qator she’riy majmualari qatorida “Zafarnoma” (1939), “Tiriklayin jannatga kirgan kampir” (1939), “Kiyiknoma” (1940), “Gul sadosi” (1949), “Uyg‘urobod” (1948), “Bog‘i Eram” (1978) kabi dostonlari ham kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan. Shuningdek, shoirning mumtoz adabiyotimiz an’analaridan oziqlangan “Hayotnoma” (1988), “Sadoqat gullari” (1992), “Ko‘ngil tilagi” (1994) kabi devonlari kitobxonga Sharq axloqi falsafasini singdirishda munosib rol o‘ynaydi. Uning so‘nggi “Ko‘ngil tilagi” devoniga kirgan bir qator g‘azallar, muxammas va masnaviylari bu jihatdan muhim qimmatga egadir.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Chustiy ijodida “Indamaslar olami” (1969) asari alohida qimmatga ega bo‘lib, unda mavjud hayot ne’matlarini, milliy qadriyat va urf-odatlarni saqlash, e’zozlash g‘oyasi yetakchilik qiladi. Chustiy qo‘shiqchi shoir sifatida, ayniqsa, mashhur edi.
U boshqa mualliflar bilan hamkorlikda “Davron ota”, “Qurbon Umarov” va “Jasur oila” kabi sahna asarlarini yozgan. Hofiz, Sobir Termiziy, Mirza G‘olib, Ali Sardor, M.Tursunzoda asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Rasmlar galereyasi