Cho‘lpon Ergash 

Tavallud topgan sana: 1937 yil

Vafot etgan sana: 2010 yil

Tug'ilgan joy:Qirg'iziston

Yo'nalishlar: Shoirlar

4812

Tarjimai hol

Cho‘lpon Ergash 70 yillardan matbuot sahnasiga kirib keldi. Uning birinchi she’ri «O‘zbekiston» jurnalida chop etildi. Shoir she’rlarini kuzatar ekanmiz, unda ortiqcha baqiriqdan xoli, og‘ir, vazmin va «gap tagida gap yotar» qabilidagi tuyg‘ularga duch kelamiz.

Cho‘lpon Ergash qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahrida 1937 yilda tavallud topdi.

Uning bolaligi urush davri qiyinchiliklariga to‘g‘ri kelib, og‘ir kechgan. U sakkiz yoshidan ishlab, to‘qqiz yoshdagina maktabga bordi. Askarlik burchini ham ado etdi.

60-yillarda Toshkentga kelib madaniy-ma’rifiy texnikumini tamomladi. So‘ng teatr va rassomlik institutiga kirdi.

1965 yilda uni tugatib, sahnaga emas, matbuot sari yo‘l oldi, she’rlar mashq qila boshladi.

Uning birinchi she’ri «O‘zbekiston» jurnalida chop etildi. 1970 yilda esa birinchi she’riy to‘plami «Tong yulduzi» nomi bilan bosilib chiqdi. Cho‘lpon Ergash «Bizning uyimiz» (1972), «Muborak kunlar» (1972), «Umid chirog‘i» (1979), «Bahor orzulari» (1980), «Tong otar sadolari» (1982), «Sehrli qo‘ng‘iroq», «Oy chodir tikmoqda» (1985), «Eng baland qasr» (1986), «Karvon kelar» (1990), «Orzuning og‘ir kipriklari» (1990) kabi o‘ndan ortiq she’riy majmualarni kitobxonga in’om etdi.

Cho‘lpon Ergash istiqlolni orziqib kutgan shoirdir. U orzusiga endigina erishib, endi ochiqchasiga, jo‘shib, quvonib yozishga kirishdi. Uning, ayniqsa, «Orzuning og‘ir kipriklari» to‘plamiga kirgan «O‘tmish o‘yini» kabi dostonlari insoniyatning asriy orzu-istaklari, armonlari bo‘lmish erk, ozodlik, mustaqillik, o‘z-o‘zligini topish, ona Vatan muqaddasligi, muhabbatning pokligi, baxtning butunligi, yurtning tinchligi haqida bahs yuritadi.

 

Rasmlar galereyasi