Shoyim Bo‘tayev

Tavallud topgan sana: 20 iyun 1959 yil

Tug'ilgan joy:Tojikiston

Yo'nalishlar: Shoirlar

8898

Tarjimai hol

Iste’dodli noshirlardan biri Shoyim Bo‘tayev o‘z ijodiy uslubiga, o‘ziga xos ovozga va sozga ega. Uning ijodi milliy nasrchiligimizning eng yaxshi an’analarini jahon nasrchiligi yutuqlari bilan omuxta tarzda ifoda etishda namoyon bo‘lmoqda. «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.

Shoyim Bo‘tayev iste’dodli noshirlardan biri bo‘lib, 1959 yil 20 iyunda Tojikistonning O‘ratepa tumaniga qarashli Maydoncha qishlog‘ida tug‘ilgan. 1976 yili o‘rta maktabni, 1982 yili esa Xo‘jand Davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini tugatgan.

Uning mehnat faoliyati «Guliston» jurnalidan boshlangan bo‘lib, keyinchalik hozirgi «Tong yulduzi» gazetasida bo‘lim mudiri, «Cho‘lpon» nashriyotida muharrir bo‘lib ishladi.

O‘zbekiston radiosining «Adabiyot va radioteatr» Bosh muharririyatining Bosh muharriri, «O‘zbektelefilm» studiyasi Bosh muharriri lavozimlarida yozuvchi samarali faoliyat olib borib, o‘zbek milliy madaniyati, adabiyoti va san’ati rivojlanishiga munosib ulush qo‘shdi.

Shu yillarda u talay badiiy va hujjatli filmlarning, radiopostanovkalarning adabiy ssenariylarini yozdi. Hozir Shoyim Bo‘tayev Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlamoqda.

Shoyim adabiyotimizning qutlug‘ dargohiga 80-yillarning o‘rtalaridan kirib kelgan. Dastlab, talabalik davri hayotini ifodalovchi hikoyalar yozgan. Uning «Sirli yulduzlar» nomli ilk qissasi 1984 yilda «Sharq yulduzi» jurnalida bosilgan. Xuddi shu yili uning yana «Dunyoning sarhisobi bor» nomli qissalar to‘plami chop etilgan.

1988 yilga kelib adibning «Endi bari boshqacha» nomli hikoyalar to‘plami «Cho‘lpon» nashriyotida bosilib chiqadi. 1995 yilda esa Shoyim Bo‘tayevning «Shamol o‘yini» nomli qissa va hikoyalar majmuasi «Yozuvchi» nashriyotida chop etiladi, bir yildan so‘ng “Qo‘rg‘onning oyi” romani IPAK Sharq nashriyotida chop etildi.

Keyingi yillarda adibning «Kunbotardagi bog‘», «Hayot», «Ko‘chada qolgan ovoz» kabi kitoblari nashr etildi.

 Ayni damda yozuvchi «Shox» nomli romani ustida ish olib bormoqda.

Shoyim Bo‘tayev o‘z ijodiy uslubiga, o‘ziga xos ovozga va sozga ega. Uning ijodi milliy nasrchiligimizning eng yaxshi an’analarini jahon nasrchiligi yutuqlari bilan omuxta tarzda ifoda etishda namoyon bo‘lmoqda. Xuddi shu jihatdan uning «Qo‘rg‘onlangan oy» romani e’tiborga loyiqdir. Garchi roman qishloq kishilari hayoti, orzu-intilishlari haqida hikoya qilsa-da, aslida xalqimiz ma’naviyatiga xos milliy ildizlar, manbalar va hamisha yashovchan samarali an’analarni ham ko‘z-ko‘z qiladi.

Ayniqsa, qishloq kishilariga xos fe’l-atvor, samimiy va beg‘ubor tuyg‘ular nihoyatda go‘zal va shirali tilda, oddiy, aniq va ravon tasvirlanadi. Shular asarga joziba bag‘ishlaydi. 

Rasmlar galereyasi