Boyqobilov Barot

Tavallud topgan sana: 14 mart 1937 yil

Vafot etgan sana: 2006 yil

Tug'ilgan joy:Samarqand

Yo'nalishlar: Shoirlar

6663

Tarjimai hol

Barot Boyqobilovning birinchi she'riy kitobi - «Samarqand satrlari» 1962 yilda nashr qilindi. Shundan buyon uning 40 dan ortiq she'riy kitobi, 10 dan ziyod dostoni chop qilindi. U 1994 yili Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shundan so‘ng shoir yana moziyga qaytib, «Navoiynoma»ning beshinchi kitobini yozishga kirishadi. Oqibatda «Hayrat ul-Ahror» nomli she'riy romani yuzaga keldi. 1997 yilda «O‘zbekiston xalq shoiri» degan yuksak unvonga sazovor bo‘lgan.

Bugungi o‘zbek adabiyotining taniqli namoyandalaridan biri Barot Boyqobilov 1937 yili Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug‘ilgan.

U mehnat faoliyatini 1955 yilda Samarqand pedagogika bilim yurtida o‘qituvchilikdan boshlagan, 1962 yilda Samarqand Davlat universitetini tugatgach, 1973 yilgacha Toshkentda turli nashriyot va gazetalarda muharrir, bo‘lim mudiri, bosh muharrir muovini bo‘lib ishladi.

1974-1990 yillarda mas'ul lavozimlarda xizmat qildi. 1990 yildan buyon «Muloqot» jurnalining bosh muharriri bo‘lib ishladi.

Barot Boyqobilov 2006 yil hayotdan ko‘z yumdi.

Barot Boyqobilovning birinchi she'riy kitobi - «Samarqand satrlari» 1962 yilda nashr qilindi. Shundan buyon uning 40 dan ortiq she'riy kitobi, 10 dan ziyod dostoni chop qilindi. «Visol» (1965), «Seni izlayman» (1968), «Samarqand ushshog‘i» (1970), «Afrosiyob» (1970), «Sonetlar» (1971), «Sharq kamalagi» (1974), «Meni kuting, yulduzlar» (1976), «Visol va hijron» (1987), «Vatan tuprog‘i» (1982), «Sharora» (1983), «Zamon zayli» (1987), «Kim sokin yashaydi O‘zbekistonda» (1990) va boshqalar.

Barot Boyqobilov she'riyatida sonet janri alohida o‘rin tutadi. U o‘zbek she'riyatida birinchi bo‘lib sonetlar gulchambari va 100 sonetdan iborat «Men kashf etgan O‘zbekiston» dostonini yaratgan. 1972 yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlagan. Uning «Adibning ijodiy yo‘li», «Ijodning yulduzli onlari» (P.Shermuhamedov bilan hamkorlikda), «She'riyat bongi» (A.Abdurahimov bilan hamkorlikda) monografiyalari nashr qilingan.

U ulug‘ shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur haqida «Kun va tun» (1968) she'riy qissasini yaratgan.

Movarounnahr tarixi haqidagi «Afrosiyob yoxud Samarqand shajarasi» (1966) dostoni shoirning o‘z ona shahriga beqiyos muhabbati dalilidir.

Barot Boyqobilov ijodida Alisher Navoiy mavzui alohida o‘rinni egallaydi. Shoir 1975-1990 yillar mobaynida Alisher Navoiy yashagan va ijod etgan davrning butun murakkabliklari va qarama-qarshiliklarini qamrab olgan ulkan «Navoiynoma» asarini yaratdi. «Navoiynoma» besh kitobdan iborat. Birinchi va ikkinchi kitoblari 1981 va 1985 yilda nashr qilingan. 1992 yilda «Navoiynoma»ning uchinchi va to‘rtinchi kitoblari «Sokin Xuroson» va «Qonli Xuroson» nomi bilan chop qilindi.

U 1994 yili Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shundan so‘ng shoir yana moziyga qaytib, «Navoiynoma»ning beshinchi kitobini yozishga kirishadi. Oqibatda «Hayrat ul-Ahror» nomli she'riy romani yuzaga keldi. 1997 yilda «O‘zbekiston xalq shoiri» degan yuksak unvonga sazovor bo‘lgan.

Rasmlar galereyasi