Beder Boris Aleksandrovich

Tavallud topgan sana: 4 avgust 1908 yil

Vafot etgan sana: 31 dekabr 1989 yil

Tug'ilgan joy:Toshkent

Yo'nalishlar: Geologlar

4762

Tarjimai hol

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan geolog Boris Aleksandrovich Beder, Toshkent mineral suvini birinchi kashf etgan insondir. U tomonidan 220 tadan ortiq ilmiy ishlar nashr qilingan bo‘lib, 190 tasi O‘zbekiston geologik fondida saqlanib kelinmoqda. Boris Aleksandrovich Beder to‘g‘ridan - to‘g‘ri O‘zbekistonning 30 dan ortiq mineral, sanoat va termal suvlarining ochilishi va o‘rganishida ishtirok etgan. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan geolog” va “Konlarni kashf qilgan” kabi faxriy unvonlar bilan taqdirlangan.

Boris Aleksandrovich Beder 1908 yili 4 avgust kuni Toshkent shahrida, xizmatkor oilasida tug‘ilgan. 1925 yili maktabni tugatgach, SAGUning geologik bo‘lim fizika-matematika fakultetiga o‘qishga qirdi. 1930 yili keyinchalik qayta tashkil etilgan O‘rta Osiyo geologiya-qidiruv institutni “Gidrogeologiya” mutaxassisligi bo‘yicha bitirdi. Keyin esa, O‘rta Osiyo geologiya-qidiruv boshqarmasiga ishga yuborildi (hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat qo‘mitasi).

Turli gidrogeologik partiyalarda rahbar va texnoruk bo‘lib ishlagan. 1943 yil mart oyidan boshlab O‘zbekiston gidrogeologik yig‘ma xaritasini ishlab chiqaruvchi O‘zbek gidrogeologik ekspeditsiyasida rahbar bo‘lib, 1944 yil avgust oyidan bir vaqtning o‘zida Geologik boshqarmasining gidrogeologiya bo‘limida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 1947 yil ishlab chiqarishdan uzilmagan holda B.A.Beder kandidat dissertatsiyasini tayyorlab, himoya qilgan.

1951 yil martda birlashgan gidrogeologik ekspeditsiya tashkillashtirilishida bosh geolog sifatida ishtirok etgan bo‘lib, so‘ng dala gidromineral partiyasi bo‘lim boshlig‘i va texnoruki bo‘lgan. 1960 yil mayda B.A.Beder Geologiya va mineral resurslar O‘rta Osiyo ilmiy - tadqiqotlari institutida tanlov asosida bosh ilmiy xodim, Gidromineral xomashyo labarotoriyasi rahbari sifatida ishga qabul qilindi. 1970 yildan boshlab va umrining oxirgi kunlarigacha GIDROINGEO institutida ishlagan.

B.A.Bederning umumiy geologik staji - geologik tashkilotlarida doimiy ishlagan holda 60 yilni tashkil qiladi. Shundan, 30 yildan ortig‘ini O‘zbekiston va boshqa O‘rta Osiyo respublikalari artezian havzalar, mineral, sanoat, davolashga oid va termal suvlar sohasini o‘rganishga bag‘ishlagan. U tomondan 220 tadan ortiq ilmiy ishlari nashr qilingan bo‘lib, va yana taxminan 190 taga yaqini geologik fondlarda saqlanmoqda.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Boris Aleksandrovich Bederning nomi O‘rta Osiyoning gidromineral resurslar tadqiqotlarini rivojlantirish bilan bog‘liq. U to‘g‘ridan - to‘g‘ri O‘zbekistonning 30 dan ortiq mineral, sanoat va termal suvlarining ochilishi va o‘rganishida ishtirok etgan. Uning rahbarligida o‘tgan asrning 30-yillarida O‘rta Osiyo bo‘yicha gidrogeologik materiallarning yirik fondi tashkil etilgan. O‘zbekistonning yer osti suvlarning birinchi kadastri va kichik masshtabli gidrogeologik xaritalar to‘plami tuzilgan.

U Ikkinchi jahon urushi yillarida chiqgan, ko‘p tomli “O‘zbekiston yer osti suvlari” monografiyasining muallifi va muharri hisoblanadi. U tomondan O‘rta Osiyo mineral va termal suv konlarining tarqalish qonuniyligi aniqlangan. Shuningdek, u tomondan gidrogeologik neft gaz qidiruvi mezonlari taklif etilgan va neft suvlaridan balneologiya maqsadida ishlatish va undan yod hamda brom olishda ko‘rsatmalar berilgan.

B.A.Beder tomonidan aniqlangan Chortoq, Chimyon, Toshminsuvlari, Qiziltepa, Chinobod, Jayronxona (O‘zbekiston), Shaambar, Qiziltumshuq, Havotog‘ (Tojikiston), Chang‘irtog, Chour (Qirg‘iston), Cheleken (Turkmaniston) va boshqa termal va mineral suv konlari keng tarzda foydalanilmoqda. B.A.Bederning hozirgi kunda amaliy 10 dan ortiq tabiiy mineral suvlarni quyish zavodlarini yaratishda qo‘shgan hissasi ulkandir.

B.A.Beder yer osti suvlarini ifloslanishi va qurishiga qarshi kurashda faol ishtirok etgan. U ko‘p yillar davomida respublika yer osti suvlarini himoya qilish bo‘yicha Respublika tabiatni asrash jamiyati prezidiumi a’zosi hisoblangan.

B.A.Bederning ko‘p yillik faoliyati respublika hukumati tomonidan yuqori baholangan. U Mehnat qizil bayrog‘i ordeni, O‘zbekiston Yuqori Kengash Prezidiumining 3 ta faxriy yorlig‘i va 7 ta medallari bilan taqdirlangan. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan geologi”, “Konlarni kashf qilgan” faxriy unvoni, Respublika tabiatni asrash jamiyati tomonidan “Tabiatni asrashda qo‘shgan hissasi” uchun medal bilan mukofotlangan.

Boris Aleksandrovich Bederning nomi hamisha O‘zbekistonning geologiya va gidrogeologiyasini o‘rganish tarixida abadiy muhrlangan.

Rasmlar galereyasi