Tarjimai hol
Asqad Muxtor — nosir, shoir, mohir tarjimon, O‘zbekiston xalq shoiri. 1973 yil “Chinor” romani uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Asqad Muxtor 1920 yil 23 dekabr kuni Farg‘onada temir yo‘lchilar oilasida dunyoga kelgan.
11 yoshida yetim qolib, bolalar uyida tarbiyalanadi. 1938 yil maktabni tamomlagach, Asqad Muxtor O‘rta Osiyo davlat universitetatiga o‘qishga topshiradi. Keyinroq Andijon pedagogika institutida o‘zbek adabiyoti kafedrasi mudiri bo‘lib ishlaydi.
Asqad Muxtorning Toshkentga ko‘chib o‘tishi uning ijodida yangi sahifa ochilishiga sabab bo‘ldi. U respublikaning markaziy nashriyotlarida bo‘lim mudiri, mas’ul kotib lavozimlarida ishlagan: 1960-1965 yillar - “Sharq yulduzi” jurnali, 1969 yildan “Guliston” jurnali bosh muharriri.
1938 yildan asarlari nashr etila boshlagan.
Asqad Muxtor adabiyotga ishchilar sinfini olib kirgan: “Po‘lat quyuvchi” dostoni (1947), “Hamshaharlarim” she’riy to‘plami (1949), “Po‘lat shahri” ocherk va hikoyalar to‘plami (1950). “Opa-singillar” (1954) romani respublikada ishchilar sinfining shakllanishi, o‘zbek ayolining ma’nan uyg‘onishiga bag‘ishlangan. “Tug‘ilish” (1961) romanida esa yoshlarning yirik qurilishlardan biridagi ishtiroki haqida hikoya qilinadi. “Davr mening taqdirimda” (1964) - iqror-roman bo‘lib, unda yaratuvchi inson va kurashchi zamondosh timsoli gavdalanadi. “Qoraqalpoq qissasi” (1958) hamda “Mangulikka dahldor” dostonlarida (1969) Asqad Muxtor tarixiy-inqilobiy mavzularga yuzlanadi, qahramonlik fe’l-atvor shakllanishini ko‘rsatadi.
U bir qator adabiy-tanqidiy asarlar muallifi. A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, M.Gorkiy, V.V.Mayakovskiy, A.A.Blok, T.G.Shevchenko va boshqalarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Asqad Muxtor 1997 yil 17 aprel kuni vafot etgan.