Alyavi Anis Lyutfullayevich

Tavallud topgan sana: 1947 yil

Tug'ilgan joy:Toshkent

Yo'nalishlar: Shifokorlar

6849

Tarjimai hol

Akademik Alyavi Anis Lutfullayevich, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi loyiha rahbari.
A.Alyavi 1947-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, 1971-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini davolash ishi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Tibbiyot fanlari doktori, professor. U 850 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan 230 ta maqola (shulardan 42 tasi impakt faktorli jurnallarda), 11 ta monografiya, 86 ta uslubiy qo‘llanma va tavsiyalar chop etgan, 4 ta patent va 19 ta EHM uchun dasturlar muallifi.
A.Alyavi salmoqli ilmiy-ijodiy faoliyati davomida O‘zbekistonda kardiolog va terapevtlarning ilmiy maktabiga asos solgan. Uning rahbarligida 22 nafar fan doktori va 52 nafar fan nomzodi tayyorlangan.
Uning ilmiy tadqiqotlari keng qamrovliligi, dolzarbligi va yechimlarining zamonaviyligi bilan tavsiflanadi. Uning rahbarligida birinchi bor Markaziy Osiyoda o‘tkir miokard infarktida miokardning yashovchanlik, karaxtlik xususiyatlari va gibernatsiyasini aniqlash imkoniyatlari o‘rganilgan. Dunyoda birinchi marta angioplastikada va koronar arteriyalarni stentlashda reperfuzion sindromiga dori vositalarining ta’sirini o‘rgangan.
A.Alyavi rahbarligida keyingi 15-yil davomida V, VI, VII O‘zbekiston davolash syezdi, Toshkent shahar va Respublika hududlarida 200 dan ortiq mahorat darsi, seminar va anjumanlar o‘tkazilgan.
U davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi 5 ta amaliy grantlarga rahbarlik qilgan. 2013-yilda Rossiya terapevtlar jamiyatining yuqori unvoni - Avitsenna ordeni bilan so‘nggi 100-yillik davr ichida A.Alyavi to‘qqizinchi bo‘lib taqdirlangan.
U O‘zbekistonda terapiya, tibbiy reabilitatsiya va fizioterapiya yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga rahbarlik qilib, qator yillar davomida ushbu sohalarni rivojlantirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shgan taniqli olim va yetuk mutaxassis sifatida e’tirof etilgan. Xususan, keyingi 17-yildan buyon Respublikaning terapiya xizmatini boshqarishda katta jonbozlik ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda u Sog‘liqni saqlash vazirligi terapiya yo‘nalishi bo‘yicha Ilmiy-texnik kengash raisi, “O‘zbekiston terapiya axborotnomasi” jurnalining bosh muharriri, bir qator mahalliy va xorijiy jurnallar tahririyat kengashining a’zosidir.
Mehnat yutuqlari, samarali davlat xizmati va tashkilotchilik faoliyati uchun 2017-yili “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.
A.Alyavi o‘zining tashabbuskorligi, fidokorona va halol mehnati bilan respublika olimlari va tibbiyot xodimlari o‘rtasida hurmat qozongan.

Rasmlar galereyasi