Allayev Qaxramon Raximovich

Tavallud topgan sana: 26 avgust 1945 yil

Tug'ilgan joy:Xorazm viloyati

Yo'nalishlar: Fiziklar

8414

Tarjimai hol

1945 yil 26 avgustda Xorazm viloyatida tavallud topgan. Millati - o‘zbek.

1963 yil Moskva energetika institutining “Gidroyenergetika va elektromexanika” ixtisosligi bo‘yicha muhandis-elektrik mutaxassisligini egallagan.

1979 yilda “Asinxron turbogeneratorli elektron tizimlarning o‘tish tartiblar tahlili” mavzusida nomzodlik, 1991 yilda “Yirik asenxron turbogeneratorlarni joriy qilish orqali elektr tizimlar samaradorligini oshirishi” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.

Texnika fanlari doktori, professor. Xalqaro elektrotexnika fanlari akademigi. Yoshlarni tarbiyalashda ko‘rsatgan xizmati uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. U “Beruniy” Yoshlar akademiyasi ta’limida faol ishtirok etgan va shu akademiyaning “Texnika yulduzlari”, “Ta’lim tizimida ijtimoiy gumanitar fanlar”, “Energiya va resurs tejash muammolari” jurnallarini tashkil etishda qatnashgan. Hozirgi kunda “Energiya va resurs tejash muammolari” jurnalining bosh muharriridir.

1969 yildan Toshkent politexnika instituti energetika fakultetining “Elektr tizimlari” kafedrasi yordamchisi, katta o‘qituvchisi, dotsenti, 1979 yil energetika fakulteti dekani muovini, 1986 yildan shu fakultet dekani. 1992 yildan Toshkent davlat texnika universitetining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, 1-prorektori bo‘lib ishlagan. 1994 yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari, 2001 yildan Toshkent davlat texnika universiteti rektori va hozirgi kunda “Elektr stansiyalari, tarmoqlari va tizimlari” kafedrasi professori bo‘lib ishlamoqda. U Respublika va MDH mamlakatlari bo‘yicha elektr tizimlarida asinxron turbogeneratorlardan samarali foydalanish maktabining asoschisidir. Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi “Elektr stansiyalari va elektr energetika tizimlarini boshqarish” ixtisosligi bo‘yicha Ixtisoslashgan kengash a’zosi. Uning rahbarligida 18 ta fan nomzodi va 5 ta fan doktori tayyorlangan.

Professor Q.R. Allayev O‘zbekiston Respublikasi energetikasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan olim, yetuk pedagog, ilmiy faoliyati davomida 130 dan ortiq ilmiy maqola, 10 dan ziyod o‘quv-uslubiy ishlar va 8 ta monografiyalarning muallifi hisoblanadi.

Rasmlar galereyasi