Alimahsumov Orif

Tavallud topgan sana: 21 may 1927 yil

Vafot etgan sana: 14 fevral 2005 yil

Tug'ilgan joy:Toshkent

Yo'nalishlar: Ijodkorlar va musiqachilar, Qo‘shiqchilar, Ustoz va murabbiylar

9800

Tarjimai hol

Orif Alimahsumov maqom qo‘shiqlarining mohir ijrochisi, ajoyib notiq va badiiy so‘z ustasi, ustoz-murabbiy. Keng madaniy jamoatchilik Orif Alimahsumovni nafaqat o‘zbek mumtoz qo‘shiqlarining mohir ijrochisi, mehnatsevar pedagogi, balki ajoyib so‘z ustasi, mohir notiq sifatida ham yaqindan taniydi.

Tarjimai hol

Orif Alimahsumov 1927 yil Toshkentda tug‘ilgan. 1967 yil Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi San’at instituti)ning musiqali drama fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Ikkinchi Jahon urushi yillarida boshlagan.

1944 - 1954 yillar Toshkent to‘qimachilik korxonasida to‘quvchi, so‘ngra usta yordamchisi bo‘lib ishlaydi. Oddiy ishchining san’atga muhabbati, qo‘shiq aytishga salohiyati, O‘zbekiston xalq hofizi Eshmat Haydarovdan saboq olishi, uni o‘zbek estradasiga yetaklaydi va 1955 - 1957 yillar o‘zbek estradasida qo‘shiqchi bo‘lib ishlab, yoqimli, dilbar qo‘shiqlari bilan el nazariga tushadi.

Yosh ijrochi iste’dodini sezib, 1957 yil uni O‘zbekiston Radiosi qoshidagi (Yunus Rajabiy rahbarligidagi) “Maqom” ansambliga ijrochi sifatida ishga taklif qilishadi.

O. Alimahsumov asta-sekin maqom qo‘shiqlarining nozik sirlarini, o‘ziga xos murakkab xususiyatlarini qunt bilan o‘rganish maqsadida o‘z ustida tinimsiz ishlagan, ijodiy izlangan, malakasini oshirgan va ustoz san’atkorlardan bilim olgan. Jomiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mahmur, Mashrab, Ogahiy, Nodira, Uvaysiy, Muqimiy, Furqat kabi mumtoz shoirlarning g‘azallarini maroq bilan kuylab, el hurmatiga sazovor bo‘lgan.

Uning ijrosidagi “Bo‘lmisham”, “Gul”, “Diloromim mening”, “Ajab Ra’nosan”, “Mohi tobon qiz”, “Ko‘zlar, ko‘zlaring”, “Sog‘inib”, “Jonon qiz”, “Ra’nolanmasun”, “Assalom”, “Ermisham”, “Jonim fido”, “Emasmu”, “Mubtaloman”, “Davo istab”, “Ilg‘or” kabi qo‘shiqlar san’at durdonasiga aylangan.

Mustaqillik yillari “Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvini olib borgan. Bu orqali u yoshlarni mustaqillik mafkurasi, shuningdek, yuksak ma’naviy-axloqiy xususiyatlarga ega shaxs sifatida tarbiyalashdek sharafli ishga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan.

Orif Alimahsumov o‘zbek qo‘shiq san’ati ravnaqiga qo‘shgan ulkan xizmatlari uchun 1977 yil “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni, 1994 yilda “Sog‘lom avlod uchun” ordeni va bir nechta medallar bilan taqdirlangan.

Orif Alimahsumov 2005 yili 14 fevral kuni vafot etgan.

Video galereya

Rasmlar galereyasi