Akovbyan Armais Aristagesovich

Tavallud topgan sana: 2 mart 1900 yil

Vafot etgan sana: 1974 yil

Tug'ilgan joy:Eron

Yo'nalishlar: Shifokorlar

4359

Tarjimai hol

Armais Aristagesovich Akovbyan — taniqli sovet olimi, teri kasalliklari shifokori, venerolog. Pedagog. Tibbiyot fanlari doktori (1937). Professor (1940). O‘zbek SSR xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1960). O‘zbek terivenerologlar maktabi asoschisi.

A. A. Akovbyan 1900 yil 2 mart kuni ishchilar oilasida Tabriz shahrida tug‘ilgan. XVIII asr boshida oilasi bilan Ashxobodga ko‘chib o‘tishadi va Armais Aristagesovichning ta’kidlashicha, u yerda eng yorqin va iliq xotiralari bilan bog‘liq yoshlik va o‘spirinlik yillari o‘tadi. U tahsil olgan Ashxobod shahridagi gimnaziyada u bilan bir sinfda iqtidorli va qiziquvchan shaxslar tahsil olishgan: bastakor S.A.Balasanyan, professor-gematolog M.G.Abramov, mashhur sharqshunos M.G.Aslanov, birinchi pushtu-rus lug‘ati muallifi, endemik buqoq sabablarini ochib bergan professor-jarroh S.A.Masumov va boshqalar. Bularning bari A.A.Akovbyanning fe’l-atvori va uning shaxs sifatida shakllanishida aks etmay iloji yo‘q edi. U musiqiy iqtidorga ega bo‘lib, gimnaziya orkestrida truba asbobida chalgan, gimnaziya teatrining havaskor sahna ko‘rinishlarida ishtirok etgan, nemis va lotin tillarini juda yaxshi bilgan.

1919 yil gimnaziyani tamomlab, o‘z xohishi bilan Qizil Armiya safidan joy egallaydi, 1920 yil Turkiston davlat universitetida yangi tashkil qilingan tibbiyot fakultetining birinchi kursiga o‘qishga kiradi. Fakultet tashkilotchilari va birinchi ustozlari Rossiyadan kelgan, nomi jahon miqyosidagi olim va shifokorlar bo‘lgan: P. F. Borovskiy, V. F. Voyno-Yasenetskiy, A. N. Kryukov va boshqalar.

1926 yil A.A.Akovbyan universitetni tamomlab, teri-venerologik shifoxonasiga ordinatorlik lavozimi uchun bo‘lib o‘tgan tanlovdan o‘tib, 1930 yil terivenerologiya kafedrasi yordamchisi etib saylanadi va u yerda 44 yil faoliyat yuritadi.

A.A.Akovbyanning terivenerolog-mutaxassisi sifatida shakllanishi professor I.S.Milman hamda A.I.Kartamishevlar rahbarligi ostida bo‘lgan. Bu ikki olim Rossiya va chet elda zo‘r bilim egallab, uni nafaqat yuqori darajadagi mutaxassis, balki yuqori madaniyatli inson, hayotga hamda ilm-fanga keng va xur dunyo qarashlik shaxs sifatida tarbiyalashgan. 1935 yil u hech qanday himoyasiz tibbiyot fanlari nomzodi darajasiga — “honoris causa”ga ega bo‘lgan. 1937 yil A. A. Akovbyan “Yumshoq shankrning immuno tahlili va immuno muolajasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoyalagan. 1938 yil A.A. Akovbyan Markaziy teri-venerologik institutning teri kasalliklari bo‘limida hamda terivenerologiya kafedrasida ijodiy safarda bo‘ladi. Kafedra mudiri P. S. Grigorev yosh fan doktoriga kafedra yordamchisi o‘rnini taklif qiladi, lekin bu ish amalga oshmaydi. 1938 yil may oyida Toshkentga qaytib, A. A. Akovbyan “xalq dushmani va yashirin kontrinqilobiy tashkilotchi” sifatida hibsga olinadi. Noyob hislatli mehribon va yumshoq bu insonni hech qanday siquvlar va so‘rovlar sindira olmaydi: u hech qanday qog‘ozga qo‘l qo‘ymaydi va boshqalarga qarshi hech qanday ko‘rsatma bermaydi.

Mazkur og‘ir hayot bosqichida taqdir A. A.Akovbyanni yana bir olim bilan yuzlashtiradi: u bilan birga 7-raqamli bir kamerada arxiyepiskop Luka ham bo‘lgan. Aynan uning barqarorligi, har kunlik suhbatlari va ibodatlari mahbuslarni ruhan qo‘llab turardi. Oradan 20 oy o‘tgach, A.A.Akovbyan sil kasaliga chalinib, unga qarshi hech qanday dalillar yo‘qligi sababli qamoqdan ozod qilinadi. Keyinchalik esa butunlay oqlanadi.

1940 yil A. A. Akovbyan Toshkent davlat tibbiyot instituti terivenerologiya kafedrasi professori etib tayinlanadi. U vaqtlar kafedra mudiri endigina Ispaniyadagi fuqarolar urushidan qaytgan professor S. A. Kristanov bo‘lib, u yerda xalqaro brigadada tozalik xizmatiga boshchilik qilgan.

1945-1971 yillar A. A. Akovbyan Toshkent davlat tibbiyot instituti teri va venerik kasalliklar kafedrasi mudiri. A. A. Akovbyanning ilmiy qiziqishlari turli-tuman va keng bo‘lgan. Teri kasalliklari sohasida u mamlakatda ilk bor vitiligo kasaliga chalinganlarni davolash maqsadida furanokumarinlardan anjir barglari ekstrakti o’rnida foydalangan. Shuningdek, ekzema, neyrodermit va boshqa dermatozlarni davolashda qizilmiya ildizidan olingan glitsirritlik kislota dorivorini qo‘llagan. Gipnoz mahoratiga ega bo‘lib, undan yassi qizil temiratki, chilla yara, eshak emi, neyrodermit va boshqa dermatozlarda muvaffaqiyat ila foydalangan.

A. A. Akovbyanning venerologiya sohasiga qo‘shgan hissasi ulkan. Uning risolalari yumshoq shankr, sifilisni armenidlarlar bilan davolash va ogohlantirish, O‘zbekistonda sifilisga qarshi kurashda tashkiliy masalalarga oid. A. A. Akovbyan boshchilik qilgan kafedra sifilisni penitsillin, ekmonovotsillin, bitsillinlar yordamida yangi usulda davolovchi mamlakatda aprobatsiya markazi deb tanilgan.

A. A. Akovbyan boshchiligida 5 ta doktorlik va 16 ta nomzodlik dissertatsiyalari amalga oshirilgan, o‘zi 100 ta ilmiy ish va 3 ta risolani nashrdan chiqargan. 20 yil davomida u O‘zbek SSR Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh terivenerologi bo‘lgan, uzoq yillar davomida respublika terivenerologlar ilmiy jamiyati raisi bo‘lgan.

Ajoyib ma’ruzasi, yumshoq va hozirjavob inson, 15 yildan ziyod talabalar ilmiy jamiyatini boshqargan, Armais Aristagesovich talabalar orasida obro‘-e’tibor qozongan. Qilgan mehnatlari uchun Mehnat Qizil Nishoni, “Hurmat belgisi” va 10 dan ortiq medallar bilan mukofotlangan, O‘zbek SSR xizmat ko‘rsatgan fan arbobi sharafiga loyiq topilgan, Butun ittifoq terivenerologlar ilmiy jamiyati sharafli a’zosi.

1971 yil A. A. Akovbyan kafedraning ilmiy maslahatchisi lavozimiga o‘tadi. 1974 yil og‘ir va uzoq kasallik sababli vafot etgan va Toshkentdagi eski xristianlar qabristoniga dafn qilingan.

Rasmlar galereyasi