To’lqinoy Qodirova

Tavallud topgan sana: 1935 yil

Tug'ilgan joy:Toshkent

Yo'nalishlar: Me’morlar

4423

Tarjimai hol

To’lqinoy Qodirova 1935 yilda Toshkentda tug’ilgan. 1959 yilda O’rta Osiyo Politexnika institutini bitirib, arxitektor mutaxassisligini egallagach, O’zbekiston Davlat loyiha institutida me’mor sifatida mehnat faoliyatini boshladi. 

Toshkent san’atshunoslik institutida aspiranturani tugatgach, shu institutda katta ilmiy xodim bo’lib ishladi. O’zbekiston Me’morlar uyushmasi raisi, O’zbekiston madaniy yodgorliklarini ta’mirlash ilmiy-teqshirish va loyiha institutida direktorning ilmiy ishlar bo’yicha muovini, Oliy Sovet qo’mitasining qurilish, me’morchilik va kommunal turar joy bo’limi raisining muovini lavozimlarida faoliyat ko’rsatdi. 

1970 yilda arxitektura fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo’lgan T.Qodirova me’morchilik sohasiga oid 50 dan ortiq ilmiy asarlar, risola va kitoblar yaratdi. Uning «Arxitektura sovetskogo Uzbekistana» («Sovet O’zbekistoni me’morchiligi»), «Sovremennaya arxitektura Uzbekistana» («Hozirgi zamon O’zbekiston me’morchiligi»), «Istoriya iskusstv narodov SSSR» («Ittifoq xalqlari san’ati tarixi»), «Iskusstvo sovetskogo Uzbekistana 1917—1977gg.» («Sovet O’zbekistoni san’ati 1917—1977 yillarda») risolalari o’zbek me’morchiligi faniga qo’shilgan muhim hissa bo’lishi bilan birga, bu asarlarda me’morchilikning hududiy xususiyatlari bilan bog’liq masalalar, O’zbekiston shaharlarining tarixiy jihatdan qayta tiklash muammolari o’z ifodasini topdi.

T. Qodirovaning me’morchilik sohasida ko’rsatgan xizmatlari 1986 yilda «O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan me’mor» unvoni, medallar va Respublika «Faxriy yorliq»lari bilan munosib taqdirlandi. U 1999 yilda Sharq mamlakatlari Xalqaro arxitektura Akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylandi.

Rasmlar galereyasi