Qoriyoqubov Muhitdin

Tavallud topgan sana: 1 may 1896 yil

Vafot etgan sana: 2 fevral 1957 yil

Tug'ilgan joy:Farg‘ona

Yo'nalishlar: Qo‘shiqchilar

9620

Tarjimai hol

Qoriyoqubov Muhitdin (1896 - 1957) - xonanda (bariton), teatr arbobi, o‘zbek musiqa teatri asoschilaridan biri. Turkiston Respublikasining birinchi xalq hofizi (1923). O‘zbekiston xalq artisti (1936).

Moskvadagi Davlat teatr san’ati institutining vokal bo‘limini bitiradi (1922-24).  Teatr faoliyatini Farg‘ona xalq-puflama orkestrini yaratishdan boshlagan (1919). H.Hamza bilan hamkorlikda 1918 yil “Musulmon yoshlar dramatik truppasi”da ishtirok etadi. 1918-21 yillar frontlarda ishtirok etadi. 1925 yil Parij va Berlindagi Butun jahon ko‘rgazmasida o‘zbek qo‘shiqlarini ijro etgan. 1926 yil H.Hamzaning “Siyosiy truppalalari” spektakllarida konsert-etnografik ansambl tashkil etib, u keyinchalik O‘zbek musiqa teatri asosiga aylangan. Toshkent, Andijon, Qo‘qonda musiqali teatr tashkil etilishida ishtirok etgan. O‘zbek musiqali teatri asoschisi va badiiy rahbari (1926).

1929-39 hamda 1946-50 yillar - O‘zbek filarmoniyasi direktori, 1932 yildan badiiy rahbari. O‘zbek teatri va opera baleti yakkaxon xonandasi (1939-47). Ijro etgan partiyalari orasida: Sultonbek (O‘lmas Xojiboyevning “Arshin mal-alan”), Husraf (Uspenskiy va Mushellarning “Farhod va Shirin”), Naufal (R. Glier va T. Sodiqovlarning “Layli va Majnun”), Ulug‘bek (A. Kozlovskiyning “Ulug‘bek”), Mahmud Tarobiy (O. Chishkoning “Mahmud Tarobiy”), Er Targ‘in (E. Brusilovskiyning “Er Targ‘in”), General gubernator (M. Ashrafiy, S. Vasilenkolarning “Bo‘ron”).

U O‘rta Osiyo Rossiyaga qo‘shilishi bo‘sag‘asida Farg‘onada tug‘ildi. Bu - buyuk milliy feodal an’analarga ega, haq-huquqsiz ayollar shahri edi. Kambag‘al ko‘p farzandli oilada tug‘ilgan bolakay bir vaqtning o‘zida ham milliy, ham ovrupacha madaniyat sari intilgan, shaharda harbiy puflama orkestrni zavq ila tinglar va doim milliy qo‘shiqlarni notasiz va hech qanday jo‘rliksiz kuylar edi.

Taqdir charhpalagi 1918 yil iqtidorli yigitni H.Hamza bilan uchrashtiradi, Hamza unga qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari yozadi. Ular birgalikda “Musulmon yoshlar dramatik truppasi” yaratilishida ishtirok etishgan. O‘sha vaqtlardayoq uning kuchli erkakona bariton ovozi atrofdagilarni hayratga solardi. Qori Yoqubov sahna faoliyatini 1919 yil Farg‘ona xalq puflama orkestri yaratilishidan boshlagan va u bilan bir necha yil namoyishlar qilgan. Bu juda iqtidorli drama aktyorlari edi.

1922-1924 yillar Moskvadagi Davlat teatr san’ati institutining vokal bo‘limida tahsil oladi. Bu yerda u yangilik yaratgan rejissyor Vs. Meyerxold va uning xotini Zinaida Rayxlar bilan yaqindan gaplashgan. Moskvalik hamkasblaridan ko‘p narsa o‘rgangan, o‘ziga ovrupa madaniyatining yangiliklarini jam qilgan va o‘zining Sobinov, Nejdanov, Obuxov kabi atoqli rus qo‘shiqchi o‘quvchilari bilan maqom san’ati sirlari bilan sidqidildan bo‘lishgan.

Qori Yoqubov 1923 yil Turkistondagi gastrol konsertlarda Tamara Xonim bilan tanishadi va 1925 yilga kelib, ular birgalikda o‘zbek xalq qo‘shiqlarini Parij va Berlindagi “Shubert-xoll”dagi Butun jahon ko‘rgazmasida namoyish etishgan. Ovrupaliklar Qori Yoqubovni “O‘zbek Shalyapini” deb nomlashgan. 1926 yil u o‘zbek, arman, ozarbayjon, qirg‘iz va boshqa millatlardan iborat konsert-etnografik ansambl tarkibini yaratadi. O‘zining ansambli bilan Qori Yoqubov butun sobiq Soyuz bo‘ylab gastrol safari uyushtiradi. Yoshligidan u milliy teatr yaratishni orzu qilardi va Toshkent, Andijon hamda Qo‘qonda musiqali teatr tashkillashtirishda bevosita eng faol ishtirok etdi ham.

M. Qori Yoqubov — O‘zbek musiqali teatr asoschisi va badiiy rahbari (1926). 1934 yil Moskva konservatoriyasi qoshida o‘zbek opera studiyasini tashkil etadi, keyinchalik u Toshkentdagi opera va balet teatriga aylanadi. Qori Yoqubov opera studiyasini ikki yillik boshqaruvida O‘zbekistonning eng chekka nuqtalaridan o‘nlab yosh iqtidor sohiblari teatr va musiqa san’atining eng mahoratli ustalari tomonidan tayyorgarlik ko‘rishdi. Bu studiyada Muhtоr Ashrafiy, Halima Nosirova, Karim Zоkirov, Mutal Burhonov, Sulaymon Yudakov, Tolibjon Sodiqov, Boborahim Mirzayev kabi O‘zbekiston musiqa san’atining kelajak mash’allari yetishib chiqdi.

Tez orada, Qori Yoqubovning boshqao‘zbek operasini yaratish orzusi ro‘yobga chiqdi. 1939 yilning iyunida O‘zbek musiqali teatri sahnasida M. Ashrafiy tomonidan yozilgan birinchi o‘zbek operasi “Bo‘ron”ning premerasi bo‘lib o‘tdi, unda Qori Yoqubov general-gubernator partiyasini ijro etgan. Bu yerda ketma-ketlikda V. Brusilovskiyning “Yor Targ‘in”, T. Sodiqov, R. Glierlarning “Layli va Majnun” operalarining premerasi bo‘lib o‘tib, ularda O‘zbek opera va balet teatri yetakchi solisti Qori Yoqubov bosh rollarni ijro etgan. Opera teatridagi ishini u O‘zbek filarmoniyasidagi direktorlik va badiiy rahbarlik faoliyati bilan jamlagan.

Qori Yoqubovning sermazmun ijodiy hayoti, vokal san’atiga to‘la jonbozligi ila sakkiz yil davom etdi. U 1947 yil qatag‘on qilinadi va 1955 yil ozod etiladi. Surgundan kirtayib qaytsa-da, hayotdagi yagona manbasi - musiqaga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmaydi. 1956 yilning yanvaridan Qori Yoqubov yana filarmoniya solisti bo‘ladi. Keyinroq, Estrada teatriga taklif qilinib, unda xalq qo‘shiqlari, opera ariyalari va romanslar ijro etadi.

1957 yilning yanvarida Muhitdin onasi, xotini va besh nafar farzandi bilan tunda Iqbolxonning uyiga qaytadi. Yo‘l sirpanchiq edi: u kirish eshigi tagiga yiqiladi. Baxtsiz hodisa tufayli, tos suyagi sinadi. Oradan ikki hafta o‘tgach, 1957 yilning fevral oyida Qori Yoqubov vafot etadi. Uni Toshkentdagi “Chig‘atoy” qabristoniga dafn etishadi, O‘zbekiston madaniyatining atoqli arbobi umrbod orom topadi.

Roza Eduardovna bu buyuk artist xotirasini Iqbolxon va Tamara Xonimlarning uyida naqadar ardoq ila saqlaganini so‘zlab beradi. Ajoyib bas sohibi Qo‘rqmas Muhitdinov o‘z oldida tumor o‘rnida O‘zbekiston xalq artisti Qori Yoqubovning suratini olib yurardi. Zamondoshlari Tamara Xonimni oltin deyishsa, Qori Yoqubovni bebaho olmos deyishardi, ta’kidlaydi Roza Muhtorova.

“Qizil Mehnat Nishoni” ordeni va medallar bilan taqdirlangan. O‘zbek davlat filarmoniyasiga M. Qori Yoqubovning nomi berilgan.

O‘zR prezidenti farmoni bilan, 2000 yil Muhitdik Qori Yoqubov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan, Xalq qo‘shiqlari akademiyasi va Toshkent ko‘chasiga uning nomi berilgan.

Rasmlar galereyasi